Joriy yilning 12 may kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston “Adolat” SDP Siyosiy Kengashining navbatdan tashqari Plenumi o‘tkazildi.
Unda partiya Siyosiy Kengashi hamda Ijroiya qo‘mitasi a’zolari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, senatorlar, mahalliy Kengash deputatlari, partiya faollari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Ma’lumki, 2023 yil 9 iyul kuni muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish belgilandi.
Markaziy saylov komissiyasining joriy yil 10 may kunidagi qarori bilan mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilindi.
Shu munosabat bilan mazkur Plenum yig‘ilishi muddatidan ilgari bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovida O‘zbekiston “Adolat” SDPning ishtiroki, partiyadan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatiladigan bo‘lajak nomzod bo‘yicha takliflari hamda partiyaning navbatdan tashqari XI Qurultoyini chaqirish vaqti va kun tartibi to‘g‘risidagi muhim masalalar yuzasidan maslahatlashish, tegishli vazifalarni belgilab olishga bag‘ishlandi.
Ta’kidlash lozimki, mamlakatimizda muhim siyosiy jarayon – Prezidentlik saylovi yangi siyosiy-huquqiy maydon, xususan yangilangan Konstitutsiya normalari asosida yangicha ruh, yangicha sharoitda o‘tishi kutilmoqda.
Plenumda ma’ruzachilar tomonidan saylovda munosib ishtirok etish uchun partiyaning salohiyati yetarli ekanligi, galdagi bosh vazifa saylov jarayonlarida yaratilgan imkoniyatlardan oqilona foydalanish, partiyadan Prezidentlikka munosib nomzodni ko‘rsatish lozimligi alohida ta’kidlandi.
Plenumda O‘zbekiston “Adolat” SDPdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod etib Maxmudova Robaxon Anvarovnani ko‘rsatish masalasini partiyaning navbatdagi Qurultoyi muhokamasiga kiritish bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Nomzod bo‘yicha so‘z olganlar, Robaxon Anvarovna huquqshunos sifatida hayot va faoliyati davomida adolatni qaror toptirish va qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilganligi, yuksak insoniy fazilatlari, vatanparvarligi, uning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo‘lajak nomzod sifatida to‘g‘ri tanlanganligini alohida ta’kidlab o‘tishdi.
Partiya mas’ullari Markaziy saylov komissiyasiga “Adolat” SDPning saylovda ishtirok etishi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo‘lajak nomzod to‘g‘risidagi hujjatlar belgilangan tartibda taqdim etilishi qayd etildi.
Plenumda O‘zbekiston “Adolat” SDPning navbatdan tashqari XI Qurultoyini chaqirish vaqti, joyi va kun tartibi to‘g‘risida kelishib olindi.
Plenum kun tartibidagi barcha masalalar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.
Mahmudova Robaxon Anvarovnaning
TARJIMAI HOLI
Mahmudova Robaxon Anvarovna 1958 yil 9 noyabrda Farg‘ona viloyatining Farg‘ona tumanida ziyolilar oilasida tug‘ilgan. Millati – o‘zbek. Oliy ma’lumotli, 1983 yilda Toshkent davlat universitetining “Huquqshunoslik” fakultetini tamomlagan.
Mehnat faoliyatini 1976 yildan Farg‘ona viloyat sudining kotibi vazifasida boshlab, 1979-1983 yillarda Farg‘ona shahar 1-sonli Davlat notarial idorasining notariusi, 1983-1987 yillarda Farg‘ona viloyat Adliya boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, 1987-1990 yillarda Farg‘ona viloyat partiya qo‘mitasining yo‘riqchisi, 1990-1999 yillarda Farg‘ona viloyat Adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, 1999-2001 yillarda Farg‘ona viloyat sudining sudyasi, 2001-2004 yillarda Farg‘ona shahar sudining raisi, 2004-2008 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi, 2008-2013 yillarda Farg‘ona viloyat sudining raisi, 2013-2017 yillarda Farg‘ona yuridik kollejining o‘qituvchisi vazifalarida ishlagan.
2017-2020 yillarda Farg‘ona viloyati Xalq qabulxonasi mudiri, 2020 yil yanvar oyidan Oliy Majlis Senatining Fan ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi lavozimlarida faoliyat olib borgan.
2020 yil 13 iyuldan hozirga qadar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining birinchi o‘rinbosari – ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi lavozimida ishlab kelmoqda.
R.A.Mahmudova faoliyati davomida mamlakatimizda odil sudlovni amalga oshirish, sud tizimini isloh etish, sudlar mustaqilligini ta’minlashga oid islohotlar tashabbuskori va ijrosi hisoblanadi. Shuningdek, jinoiy jazolarni yengillashtirish, jazo tayinlashda adolatni ta’minlashga oid bir qator Oliy sud Plenumi qarorlari muallifi.
Shuningdek, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, bu borada qonunchilikni takomillashtirish, ma’muriy sudlarni rivojlantirish va sud korpusini malakali mutaxassislar bilan to‘ldirish bo‘yicha salmoqli ishlarni amalga oshirgan.
R.A.Mahmudovaning bugungi kungacha 140 dan ortiq ilmiy va ommabop maqolalari chop etilgan. Shuningdek, u sudyalar uchun 10 ga yaqin uslubiy qo’llanmalar muallifi hisoblanadi.
2020 yilda “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan. Birinchi malaka darajali sudya, jinoyat va ma’muriy huquq bo‘yicha tajribali mutaxassisdir.
R.A.Mahmudova oilali, ikki nafar farzandi bor.
O‘zA