O‘zbek va tojik xalqlari do‘stligi haqida gap ketganda, beixtiyor “azaliy va abadiylik” degan tushunchalar xayolda jonlanadi.
Tarixi, turmush tarzi, madaniyati bir-biriga yaqin bo‘lgan o‘zbek-tojik xalqlari o‘rtasidagi hamkorlik rishtalari so‘nggi 6-7 yilda ikki davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmonning sa’y-harakatlari tufayli havas qilgulik pog‘onalarga ko‘tarildi.
Ikki do‘st xalq ijodkorlari – jurnalistlar, shoir, yozuvchilar, madaniyat va san’at sohasi xodimlari o‘rtasidagi bordi-keldilar, ayniqsa, tahsinga loyiq.
O‘zbekistonda chop bo‘ladigan “Ovozi tojik” gazetasining bugungi maxsus soni aynan o‘zbek-tojik xalqlari do‘stligiga bag‘ishlanadi.
Gazetadan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning ikki jondosh xalqning yaxshi qo‘shnichiligi haqidagi fikrlari, “Ovozi tojik” gazetasi muxbiri Tojiboy Ikromov bilan Tojikiston Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Abdujabbor Rahmonzodaning “Baxtiyorlar mamlakatidanman” nomli suhbat, o‘zbek va tojik dehqonlari o‘rtasidagi hamkorlik, “Do‘stlik daraxtini ek…”, “Sadoqat va ekran”, “Hamkorlik, avvalo, ikki xalq manfaati uchun” kabi maqolalar, Navoiy, Farg‘ona, Samarqand, Qashqadaryo, Buxoro viloyatlaridan tayyorlangan xabarlar o‘zbek va tojik xalqlarining do‘stligi boqiyligidan, yo‘llari – ko‘zlagan manzillari bir-birlariga qanchalar mushtarak ekanligidan dalolat beradi.
O‘zA