AQSHda yuz berishi mumkin bo‘lgan defolt AQSH va uning armiyasi obro‘siga jiddiy tahdid soladi, bundan Xitoy va boshqa mamlakatlar foydalanib qolishi mumkin, dedi payshanba kuni Pentagon rahbari Lloyd Ostin.
“Bu bizning obro‘yimizga putur yetkazishi mumkin. AQSHga dunyo bo‘yicha barqarorlik manbai, deb qarashadi va biz har doim majburiyatimizni bajarib kelganmiz. Hamkorlik qilib kelayotgan sheriklarimiz bo‘yicha ko‘p masalalar bor va shunday sharoitda biz ushbu hamkorlikni davom ettira olamizmi, degan savol tug‘iladi”, – deya ta’kidlagan Ostin AQSH Kongressida so‘zga chiqib.
Bundan tashqari, Ostinning ta’kidlashicha, defolt yuz berishi to‘g‘ridan-to‘g‘ri AQSH armiyasining xorijda bo‘lib turishiga va biz bilan hamkorlik qilayotgan fuqarolarga ta’sir ko‘rsatadi”.
“Biz ularga avvalgidek maosh to‘lay olmay qolamiz – bundan Xitoy va boshqa mamlakatlar foydalanishi mumkin”, – deya qo‘shimcha qilgan AQSH mudofaa vaziri.
Avvalroq AQSH Prezidenti Jo Bayden agar defolt yuz bersa, bu butun dunyoga muammo keltirib chiqaradi, deb ogohlantirgandi.
AQSH moliya vaziri Janet Yellen davlat qarzlari hal qilinmasa, hukumat katta ehtimol bilan iyun oyiga borib o‘z majburiyatlarini bajara olmay qolishi mumkin, deb ogohlantirgan.