Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda yoshlarning faol ishtirok etishi uchun ko‘plab imkoniyatlar, zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda. Ayniqsa, yigit-qizlarga sifatli ta’lim berish, kasb-hunarga o‘qitish va bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotir.

Prezident maktablari, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar tizimi yaratildi. Ular bilan ishlashning mutlaqo yangi tizimi – «Yoshlar daftari» va «Yoshlar dasturlari» hayotga samarali tatbiq etilmoqda. Ushbu ezgu ishlar zamirada yosh avlodning orzu istaklarini ro‘yobga chiqarish, yoshlar uchun munosib hayot sharoiti yaratish kabi ulkan maqsad mujassam.

Kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentining yangi tarkibdagi birinchi ta’sis yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Qonunchilik palatasining yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyasi a’zolari, uch bosqichli saylovning yakuniy natijalariga ko‘ra siyosiy partiyalar tomonidan g‘olib deb topilgan 150 nafar yoshlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, yigit-qizlarning siyosiy faolligini oshirish va ularni qonun ijodkorligi jarayoniga keng jalb qilish maqsadida 2020 yilda Parlamentning ikki palatasida alohida Yoshlar parlamentlari tashkil etilib, ularga har tomonlama faol va tashabbuskor yoshlar saylangan edi. O‘tgan davr mobaynida ushbu tuzilma yoshlarning siyosiy-huquqiy bilim va ko‘nikmalarini yuksaltirish, ularni qonun ijodkorligi jarayoniga jalb etish, yangi qabul qilingan qonunlarni yoshlar orasiga targ‘ib qilish orqali yigit-qizlarning jamiyat hayotidagi daxldorligini kuchaytirishga xizmat qiladigan muhim institut sifatida shakllandi.

Yoshlar parlamenti a’zoligi uchun o‘tgan navbatdagi saylov ham erkin raqobat muhitida hamda halollik tamoyili asosida, siyosiy partiyalar o‘rtasidagi qizg‘in tortishuv va bahs-munozaralar sharoitida kechdi. Natijada turli yo‘nalishlarda Vatanga sadoqat bilan ishlayotgan, ta’lim olayotgan, tashabbuskor, keng dunyoqarash va chuqur bilim hamda liderlik salohiyatiga ega o‘g‘il-qizlar ushbu tuzilmadan joy oldi.

Yoshlar parlamentining avvalgi chaqiriqdagi a’zolari tomonidan Qonunchilik palatasi ko‘rib chiqishida bo‘lgan qonun loyihalari yuzasidan jami 97 ta taklif tayyorlangan, shundan 34 tasi esa qonun loyihalarini takomillashtirish jarayonida inobatga olingani alohida qayd etildi.

Shuningdek, o‘tgan chaqiriq davomida yoshlar siyosati yuzasidan qator hokimlik va vazirlik, idoralar mutasaddilarining axborotlari eshitilib, respublika miqyosida jami 138 ta o‘rganish tadbirlari amalga oshirilgan.

Shu bilan birga, konstitutsiyaviy islohotlarning barcha bosqichida Yoshlar parlamenti a’zolari faol ishtirok etib, yangilangan Konstitutsiya loyihasiga bir qator takliflar berdi.

Birinchi ta’sis yig‘ilishida yangi chaqiriqdagi Yoshlar parlamenti o‘z faoliyatini takomillashtirib borishi, intiluvchan, fidoyi, vatanparvar yoshlarimizning siyosiy faolligini ta’minlashga xizmat qiladigan platformaga aylanishi lozimligi ta’kidlandi.

Yangi tarkib oldida yosh avlod manfaatlarini himoya qilish, ularning muammolarini parlamentda muhokama qilish, yoshlarning qonun ijodkorligida ishtirokini ta’minlash, bo‘lajak deputatlar, Senat a’zolari, siyosatshunoslarni tayyorlash va yoshlarni o‘z maqsadlari va loyihalarini amalga oshirish kabi yuksak vazifalar turgani qayd etildi.

 

M.Komilova,

O‘zA