“O‘zbekistonliklar dorixonalarda dori-darmonlarning qimmatlashgani haqida xabar berib, pul ishlashlari mumkin bo‘ladi.

1 iyundan “Soliq” tizimi orqali fuqarolar dori vositalari narxi oshishini aniqlaganligi uchun jarima summasining 20 foizi yoki 1,7 million so‘m miqdorida mukofot olishlari mumkin bo‘ladi”.

Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarda shu mazmundagi tarqalayotgan xabarlar sabab fuqarolarda, “soliq ilovasidan foydalanilsa, murojaatlar qay tartibda ko‘rib chiqiladi?” kabi savollarni keltirib chiqarmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi mutaxassislari ushbu ma’lumotlarga oydinlik kiritishdi.

Unga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilinishini ta’minlash, kontrafakt va iste’molga yaroqsiz tovarlarni ishlab chiqarish hamda aylanmasiga chek qo‘yishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan joriy yil 1 iyundan boshlab, murojaatlar “Soliq hamkor” axborot tizimi orqali qabul qilinadi va ko‘rib chiqiladi.

“Soliq hamkor” axborot tizimi orqali murojaatlarni qabul qilish, ko‘rib chiqish hamda huquqbuzarliklar haqida xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

• axborot tizimi orqali kelib tushgan murojaatlar nazorat va boshqa tadbirlarni o‘tkazish uchun asos bo‘ladi;

• murojaatlar vakolatli organlar tomonidan 10 ish kunida majburiy tartibda ko‘rib chiqilib, natijasi bo‘yicha murojaat yo‘llagan shaxs xabardor qilinadi, bundan qonunchilikda belgilangan holatlar mustasno;

O‘z tasdig‘ini topgan qonun buzilishi holatlari bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarlik uchun jarimaning 20 foizi miqdorida rag‘batlantiriladi.  

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Soliq qo‘mitasi, Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2 oy muddatda vakolatli organlar tomonidan “Soliq hamkor” axborot tizimidan foydalangan holda qonun buzilish holatlari haqidagi xabarlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul qilish imkoniyatini yaratish belgilangan.

bugungi kunda mazkur tizimni ishga tushirish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.

M.Eshmirzayeva, D.Yakubov, O‘zA