Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini (NNT) va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda 2023 yilning 27 fevralidan 31 martigacha bo‘lgan muddatda e’lon qilingan davlat granti 1- va 2- tanlovlariga kelib tushgan loyihalar ko‘rib chiqildi.
— “Jamiyat va oilada sog‘lom ijtimoiy-ma’naviy muhitni ta’minlash” mavzusidagi davlat granti 1-tanloviga qabul qilingan 236 ta loyihadan 46 tasini 4 milliard so‘mga, “Aholini tadbirkorlikka keng jalb etishga ko‘maklashish” mavzusidagi davlat granti 2-tanloviga qabul qilingan 192 ta loyihadan 45 tasini 4 milliard so‘mga qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qaror qabul qilindi, — dedi Parlament komissiyasi raisi o‘rinbosari B.Tojiyev. — Davlat grantlarining ajratilishi jamiyatda ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishga, radikallashuv, mutaassiblik va yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolganlarni ijtimoiy ong va dunyoqarashini o‘zgartirish, unga qarshi kurashish hamda kambag‘allikni qisqartirish va aholini ijtimoiy-iqtisodiy sharoitini yaxshilashga ko‘maklashishdan iborat.
“Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi Qonuning 21-moddasiga muvofiq, davlat ijtimoiy buyurtmalari shaklida bandlik va mehnat munosabatlari, huquq, tibbiyot, ta’lim, madaniyat, turizm, ekologiya va boshqa ijtimoiy sohalarda, vazirlik va davlat organlarining ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha 62 ta 114,4 milliard so‘mlik davlat ijtimoiy buyurtma loyihalari qabul qilindi.
Parlament komissiyasi a’zolari davlat organlarining NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan ijtimoiy sheriklikda amalga oshiradigan ijtimoiy buyurtmalarni dolzarbligiga ko‘ra taqdimotini o‘tkazdi.
Parlament komissiyamiz a’zolari 18 milliard so‘mga taqdimotdan o‘tgan 10 ta davlat organining 10 ta buyurtmasini joriy yilning davlat ijtimoiy buyurtmasi shaklida moliyalashtirishga e’lon berish bo‘yicha qaror qabul qildi. Tanlovni o‘tkazish muddati joriy yilning 15 mayidan 15 iyunigacha bo‘lgan muddatga belgilandi, — dedi ma’ruzachi.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, davlat ijtimoy buyurtmalari loyihalari natijasida bolalar va o‘smirlarning yosh toifalarini inobatga olib, ular uchun mo‘ljallangan o‘zbek va jahon adabiyotining eng yaxshi namunalari nashr etiladi. Andijon viloyati Izboskan tumanidagi “Iftixor” MFYda 575 ta xonadonda istiqomat qiluvchi 3 ming 318 nafar aholi, “Muqimiy” MFYdagi 652 ta xonadonda istiqomat qiluvchi 3 ming 451 nafar aholi toza ichimlik suvi bilan ta’milanadi.
Shuningdek, alohida ehtiyojli o‘quvchilarga kasb-hunar o‘rgatishning modernizatsiyalashgan, o‘zida bir necha kasbni mujassamlashtirgan o‘quv-metodik qo‘llanma ishlab chiqiladi.
Toshkent shahar, Yashnobod tumani 103-maktab-internatining o‘g‘il bolalar va qiz bolalar uchun kasb-xonasi to‘liq zamovnaiy usulda jihozlanadi. Buxoro viloyati Shofirkon tumanidagi 360 nafar ko‘zi ojizlar uchun 100 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Zamonaviy uslubda qurilgan ishlab chiqarish sexi, 1 ta kutubxona, 1 ta madaniy markaz ishga tushiriladi.
Bundan tashqari, Farg‘ona viloyati, Qo‘qon shahar tug‘uruq kompleksida “Reproduktiv salomatlik markazi”ni tashkil etish orqali 2 000 nafar o‘smir qizlar va homilador ayollar bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Markaz 3D, 4D va UZI apparati bilan jihozlanadi. Qo‘qon shahar tug‘uruq kompleksi yangi tug‘ilgan chaqaloqlar o‘rtasida o‘lim sonini kamaytirish maqsadida 2 dona SIPAP apparati bilan ta’minlanadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda tashkil etilgan 14 ta MRMlar faoliyati monitoring qilinadi. Kasbga o‘rgatish yoki qayta kasbga tayyorlashda MRMlar moddiy-texnik bazasidagi yetishmovchiliklar to‘ldiriladi.
Buyurtma doirasida 10 ming nafar fuqaro talabgor kasbga o‘rgatiladi va qayta tayyorlanadi. Shundan 4 ming nafarining bandligini ta’minlashga erishiladi.
Yig‘ilishda dasturga muvofiq, “Aholining huquqiy ongi va muloqot madaniyatini yuksaltirish hamda inson huquqlari bo‘yicha ta’lim sohasida fuqarolik jamiyati institutlari faolligini oshirish” mavzusidagi davlat granti 3-tanlovi e’lon qilindi.
Tanlovni o‘tkazish muddati joriy yilning 15 mayidan 15 iyunigacha qilib belgilandi.
Yig‘ilishda Parlament komissiyasi a’zolari tomonidan davlat granti tanlovlariga taqdim etilgan loyihalar bo‘yicha fikrlar, takliflar bildirildi.
Jamiyatda ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazoratini amaliyotga joriy etish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.
Muhtarama Komilova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA