Poytaxtimizda “EXEED” markali premial avtomobilining taqdimotiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Mahalliy va xorijlik mas’ullar, mutaxassislar va OAV vakillari ishtirok etgan tadbirda o‘zbek avtomobil biznesi olamidagi muhim voqea – tez orada O‘zbekistonda “EXEED” avtomobilini yig‘uvchi zavodning ochilishi kutilayotgani hamda shu munosabat bilan “EXEED” markali premial avtomobilining taqdimotiga asosiy e’tibor qaratildi.
Matbuot anjumanida “Asaka Motors International” bosh direktori Akromjon To‘xtaboyev, tijorat direktori Saidjon Tursunov, “Chery International EXEED Uzbekistan” savdo bo‘yicha direktori Louson Xan va boshqalar tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikning strategik istiqbollari, O‘zbekiston bo‘ylab dillerlik tarmog‘ini kengaytirish, shuningdek, Toshkentda “EXEED Rohat” va “YeXEED Tashkent city” avtosalonlarining ochilishi rejalashtirilayotganini ta’kidladi.
Qayd etilganidek, “EXEED” avtomobil brendining O‘zbekistondagi rasmiy importchisi “Asaka Motors International” kompaniyasi hisoblanadi.
– Biz “EXEED”ning O‘zbekiston bozoriga kirish istiqbollarini ijobiy baholaymiz. “EXEED” premium avtomobil brendi hisoblanib, mahsulotlari Yevropa avtomobil ishlab chiqarishining eng yaxshi an’analari asosida yaratilgan, avtomobilsozlik sanoatining so‘nggi zamonaviy texnologiyalaridan foydalanadi. Shu sababli, ular O‘zbekistondagi bu sohaning hozirgi “mohir”lari bilan bemalol raqobatlasha oladi. bugungi kunda odamlar uchun mashina nafaqat transport vositasi, balki u hayotiy zaruratga aylanib ulgurdi. Shuning uchun “EXEED” avtomobillarini ishlab chiquvchilari va dizaynerlari avtomobilning xavfsizligi va ishonchliligi ustida ko‘p ishladilar. Ushbu avtomobillar haydash tajribangizni oshiradi, u imkon qadar qulay va xavfsizlikni kafolatlaydigan keng ko‘lamli aqlli tizimlar va texnik-ko‘makchilar bilan jihozlangan, – dedi “Asaka Motors International” kompaniyasi tijorat direktori Saidjon Tursunov.
Tadbirda, shuningdek, tez kunlarda Sirdaryo viloyatida ham “EXEED” avtomobil yig‘ish zavodi ochilishi ma’lum qilindi. Yangi zavod mintaqadagi eng zamonaviy avtomobil ishlab chiqarish ob’ektlaridan biri bo‘lib, ilg‘or texnologiyalar va zamonaviy uskunalardan foydalangan holda “EXEED” avtomobillarini yig‘adi, eng yuqori sifat va xavfsizlik standartlariga muvofiqligini ta’minlaydi. O‘zbekistonda “EXEED” zavodining ochilishi mintaqada avtomobilsozlik sanoatini keskin rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va iqtisodiy o‘sishni yuksaltirishga xizmat qiladi.
“Chery International EXEED Uzbekistan” savdo bo‘yicha direktori Louson Xan tomonlarning o‘zaro hamkorligi O‘zbekiston va Xitoy davlatlarining iqtisodiy o‘sishida ahamiyatli ekaniga urg‘u berdi.
– “EXEED” avtomobil yig‘ish zavodining ochilishi nafaqat kompaniyamiz rivojlanishidagi yangi bosqich, balki O‘zbekiston bilan uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli hamkorlikka tayyorligimizning dalilidir. Ishonchimiz komilki, bizning loyihamiz mamlakatlarimiz o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga yordam beradi va mintaqada avtomobilsozlik sanoatini rivojlantirishga katta hissa qo‘shadi, – dedi u.
Tadbirda ishtirokchilarga “EXEED” markali premial avtomobili imkoniyatlariga doir videolavha taqdim etildi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA