“O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ va Xitoyning O‘zbekistondagi tadbirkorlari uyushmasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasining markaziy ofisida tashkil etilgan tantanali marosimda ikki tomon mas’ullari, mutaxassislar va brokerlar ishtirok etdi.

“O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ boshqaruvi raisi Ziyoviddin Badriddinovning ta’kidlashicha, memorandumning imzolanishi birja savdo mexanizmlarini qo‘llash orqali ikki mamlakat o‘rtasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish bo‘yicha foydalanilmagan salohiyatni ishga solish va yangi imkoniyatlarni ochib berishga xizmat qiladi.

Qayd etilganidek, ayni chog‘da birjaning xorijiy savdo maydonchalari Xitoyning Kuytun, Urumchi va Sindao shaharlarida ochilgan. Joriy yilning boshidan buyon birjada Xitoy kompaniyalari ishtirokida 17 million AQSH dollaridan ziyod hajmda bitimlar tuzilgan.

– Bizning uyushmamiz Xitoy va O‘zbekiston tadbirkorlari o‘rtasida ishonchli ko‘prik vazifasini bajaradi. O‘ylaymizki, O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi bilan o‘rnatilgan hamkorlik mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarning rivojlanishida yangi sahifani ochish imkonini beradi, – dedi Xitoyning O‘zbekistondagi tadbirkorlari uyushmasi raisi janob Suy Xaybo.

Shuningdek, mazkur tadbir doirasida tomonlar O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi va Xitoyning O‘zbekistondagi tadbirkorlari uyushmasi o‘rtasida Strategik hamkorlik to‘g‘risida kelishuvlarga erishildi.

Tadbir yakunida O‘zbekiston va Xitoy korxonalari o‘rtasida birjaning savdo vositalari va bozor mexanizmlaridan foydalangan holda ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha B2B muzokaralari o‘tkazildi.

N. Ziyodullayeva tayyorladi.

O‘zA