Qrim urushi paytida (1853-1856) Naytingeyl bir guruh rohibalar va mehribon opa-singillar bilan Skutari (hozirgi Uskudar, Istanbul)dagi ingliz kasalxonasida hamda Balaklava (hozirgi Sevastopol janubidagi tuman) dala kasalxonasida faoliyat ko‘rsatib, sanitariya va yaradorlarga g‘amxo‘rlik qilish tamoyillarini izchil amalga oshirgan. Natijada, olti oydan kamroq vaqt ichida kasalxonalarda o‘lim darajasi 42 foizdan 2,2 foizgacha kamaygan. Naytingeyl xonim Angliyaga qaytganidan keyin o‘zining ilk ixtisoslashtirilgan hamshiralik maktabini ochdi.
Xalqaro hamshiralar kuni 1899 yilda tashkil etilgan Xalqaro Kengash qarori bilan ta’sis etilgan. Bu dunyoda birinchi ayollarning ixtisoslashgan tashkiloti hisoblanib, unda Avstraliya, Kanada, Daniya, Buyuk Britaniya, AQSH va boshqa bir qator mamlakatlar hamshiralari faol ish olib borgan.
Naytingeyl faoliyati tezda ommalashib ketdi va Anri Dyunan tomonidan Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasining tashkil etilishiga kuchli turtki bo‘ldi. 1912 yilda Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi hamshiralar taqdirlanadigan dunyodagi eng faxrli Florens Naytingeyl nomidagi medalni ta’sis etgan. Ushbu mukofot hamshiralarga va ko‘ngilli tibbiy xizmatchilarga urush vaqtida ham, tinchlik paytida ham ko‘rsatgan jasorati va fidoyiligi uchun beriladi. Dunyoda ilk Naytingeyl medali 1961 yilda Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi tank qo‘shinlari gvardiya podpolkovnigi moskvalik Irina Levchenko va leningradlik jarrohlik hamshirasi Lidiya Savchenkoga berilgan.
Har yili Xalqaro hamshiralar kengashi (XHK) ushbu kunning mavzusini, shiorini belgilab oladi va ko‘pgina mamlakatlarda konferensiyalar, seminarlar, davra suhbatlari tashkil etiladi.
2023 yilgi bayram “Hamshiralarimiz, bizning kelajagimiz” shiori ostida o‘tmoqda. Mazkur kampaniya sog‘liqni saqlash sohasida muammolarni hal qilish uchun hamshiralik ishlarini rivojlantirish hamda global miqyosda fuqarolar sog‘lig‘ini yaxshilashga bag‘ishlanadi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ning eslatishicha, aholining salomatligi ko‘p hollarda malakali tibbiyot xodimlari bilan qay darajada ta’minlanganiga bog‘liq. Biroq ko‘pgina mamlakatlarda bu borada ahvol juda achinarli – tibbiy xodimlar yetishmaydi, ular ko‘p hollarda sohasi bo‘yicha zarur ta’limga ega emas hamda mehnatiga yarasha maosh olmayapti. Koronavirus pandemiyasi esa ushbu muammoni battar chuqurlashtirdi. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha tibbiy xodimlarning taxminan yarmi pandemiya davrida “charchoq” simptomlarini boshidan o‘tkazgan, chunki ular yelkasiga COVID-19 tarqalishi bilan bog‘liq qo‘shimcha ishlar yuklatildi.
S.Rahimov, O‘zA