Turkiya prezidentligiga nomzod, “Vatan” partiyasi yetakchisi Muharram Inje o‘z nomzodini qaytarib olishi va oliy lavozim uchun kurashdan chiqishini ma’lum qildi. Uning bayonoti mahalliy telekanallar tomonidan namoyish qilindi.

“Men har bir xonadonni parlament saylovlarida “Vatan” partiyasiga ovoz berishga chaqiraman. Prezidentlik saylovidan nomzodimni qaytarib olaman”, dedi u.

Bu qarorga sabab qilib, Inje o‘ziga nisbatan turli provokatsiyalar, ayblovlar va noto‘g‘ri ma’lumotlar ko‘rinishidagi noxolis va haddan tashqari bosimni ko‘rsatdi.

“Men 40 yildan beri siyosatning ichidaman, lekin yillar davomida so‘nggi 45 kun ichida nimalarni ko‘rmadim. Qandaydir qalbaki cheklar, soxta videolar… Mening suratim Isroilning ba’zi hayosiz saytlarida joylashtirildi. Na politsiya, na prokuror bularni tergov qilyapti. Bularning barchasi tuxmat. Turkiya davlati mening obro‘-e’tiborimni himoya qila olmadi”, deb qo‘shimcha qildi u.

“Butun saylovoldi kampaniya davomida obro‘yimni tushirish uchun nishonga olindim”.

Turkiyadagi prezidentlik saylovini uch nomzod: amaldagi davlat rahbari Rejep Tayyip Erdog‘an, Respublika xalq partiyasi yetakchisi Kamol Qilichdoro‘g‘li va “ATA” alyansidan ko‘rsatilgan Sinan Ogan davom ettirishadi.

Mamlakatda parlament va prezidetlik saylovlari 14 may kuni bo‘lib o‘tadi.

O‘zA