Ma’lumki, 15 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar ota-onalar, vasiylar (homiylar)ning voyaga yetmagan shaxsning mustaqil ravishda xorijga chiqishiga notarial tasdiqlangan roziligi bo‘lgan taqdirda xorijga kuzatuvchisiz chiqishi mumkin. Lekin bunda talab etilmaydigan holatlar ham mavjud.

Xo‘sh, qaysi holatda ota-onadan birining roziligi talab qilinmaydi? Bu haqda Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Muhriddin Shamsiddinov bilan suhbatlashdik.

–Prezidentimizning 2018 yil 26 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish tizimini yaratish hamda O‘zbekiston Respublikasi biometrik pasport tizimini modernizatsiya qilishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi  qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish tartibi to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlangan.

Unga ko‘ra, davlat xizmatini ko‘rsatishda so‘rovnoma va shaxsni tasdiqlovchi hujjatlardan (biometrik pasport yoki ID-karta)dan tashqari boshqa hujjatlar talab etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Quyidagi holatlar esa bundan mustasno. Jumladan, ilgari berilgan xorijga chiqish biometrik pasportining asl nusxasi, xorijga chiqish biometrik pasporti ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan hollarda vakolatli organning qarori nusxasi, xorijga chiqish biometrik pasportining amal qilishi sud ajrimi bilan to‘xtatib turilganida protsessual majburlov chorasi bekor qilinganligi haqida vakolatli organning qarori nusxasi hamda voyaga yetmagan shaxslar uchun ota-onalari yoki vasiylar (homiylar)ning fuqaroning xorijga chiqishiga notarial tasdiqlangan roziligi, ota-onalarning har ikkisi ma’lumotlarni yig‘ish punktiga bevosita murojaat qilgan hollar bundan mustasno.

So‘rovnoma Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yuborilganda ota-onalar yoki vasiylar (homiylar)ning notarial tasdiqlangan roziligi talab etilmaydi. Bunda ota-onalar yoki vasiylar (homiylar)ning roziligi faqat elektron raqamli imzoni qo‘llash orqali amalga oshiriladi.

Shuningdek, 15 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar ota-onalar, vasiylar (homiylar)ning voyaga yetmagan shaxsning mustaqil ravishda xorijga chiqishiga notarial tasdiqlangan roziligi bo‘lgan taqdirda xorijga kuzatuvchisiz chiqishi mumkin.

Ota-onalar, vasiylarning voyaga yetmagan shaxsning mustaqil ravishda xorijga chiqishiga roziligi, ular bevosita ma’lumotlarni yig‘ish punktiga yoki YAIDXP orqali murojaat qilgan taqdirda notarial tasdiqlanishi talab etilmaydi. So‘rovnoma YAIDXP orqali yuborilganda ota-onalar yoki vasiylar (homiylar)ning roziligi faqat elektron raqamli imzoni qo‘llash orqali amalga oshiriladi.

–Qaysi holatda ota-onadan birining roziligi talab qilinmaydi?

–O‘zbekiston Respublikasining voyaga yetmagan fuqarosiga xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish chog‘ida ota-onaning biri vafot etganda, boquvchisi yolg‘iz ona bo‘lgan hollarda, bolaning ota-onasidan biri xorij fuqarosi bo‘lganida, ota-onadan biri sud tomonidan ota-onalik huquqlaridan mahrum qilingan, bedarak yo‘qolgan deb topilgan yoxud muomalaga layoqatsiz deb topilganida hamda ota-onadan birining O‘zbekiston Respublikasi hududidagi doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxati xorijga doimiy yashashga ketganligi munosabati bilan bekor qilinganida ota-onadan birining roziligi talab qilinmaydi.

–Ayol yoki er xorijda doimiy yashash uchun ruxsatnoma olishda ulardan birining roziligi talab etiladimi?

–Ha, bunda roziligi kerak. Vaqtincha yashash uchun xorijga chiqib ketgan, u yerda qonuniy tarzda yashayotgan hamda xorijda doimiy yashashga qaror qilgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari doimiy yashash uchun ruxsatnomani rasmiylashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining tegishli konsullik muassasasiga quyidagi hujjatlar bilan murojaat qilishlari shart.

Xususan, belgilangan shakldagi ariza-anketa, biometrik bo‘lmagan namunadagi pasport yoki biometrik pasport yoxud xorijga chiqish biometrik pasporti, tug‘ilganlik haqida guvohnomaning nusxasi, harbiy guvohnomaning yoki chaqiruv uchastkasida qayd etilganligi haqidagi guvohnomaning nusxasi yoxud mudofaa ishlari bo‘limining belgilangan namunadagi ma’lumotnomasi (harbiy xizmatga majburlar uchun).

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan o‘z ota-onalarining va turmush o‘rtog‘ining (birgalikda chiqish holatlari bundan mustasno), shuningdek, agar birgalikdagi nikohdan voyaga yetmagan bolalar bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashaydigan sobiq turmush o‘rtog‘ining notarial tasdiqlangan roziligi, konsullik yig‘imlari to‘langanligi haqidagi kvitansiya.

Eslatib o‘tish kerakki, doimiy yashash uchun xorijga chiqishda O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan o‘z ota-onalarining va turmush o‘rtog‘ining (birgalikda chiqish holatlari bundan mustasno), shuningdek, agar birgalikdagi nikohdan voyaga yetmagan bolalar bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashaydigan sobiq turmush o‘rtog‘ining notarial tasdiqlangan roziligi, ular vafot etgan yoki bedarak yo‘qolgan hollarda esa vafot etganlik to‘g‘risidagi guvohnomaning yoki sudning shaxsni bedarak yo‘qolgan deb e’tirof etish haqidagi qarorining notarial tasdiqlangan nusxasi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalariga taqdim etiladi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA