Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Qatar davlatiga amaliy tashrifi davomida ushbu mamlakat vazirlik, idoralari hamda yirik kompaniyalari rahbarlari bilan muzokara o‘tkazdi.
Uchrashuvlarda investitsiyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasining bugungi holati, aloqalarni yanada kengaytirish masalasi ko‘tarildi.
Xususan, savdo va sanoat vaziri Muhammad Al-Taniy bilan savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqani rivojlantirish istiqboli muhokama qilindi. Hamkor tomon mavjud salohiyatni yuqori baholadi va Qatar davlati rahbarining O‘zbekistonga bo‘lajak tashrifi ko‘p qirrali sheriklikni yanada chuqurlashtirishga kuchli turtki berishi, munosabatlar tarixida yangi sahifa ochishiga ishonch bildirdi.
O‘zaro savdoni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasi hamda energetika, neft-kimyo, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, turizm, IT sohasi va boshqa sohalardagi investitsiya loyihalarini qamrab olgan Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma dastur ishlab chiqishga kelishildi. Ikki tomonlama soliqlarni cheklash, investitsiyani rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risida bitim imzolashga tayyorgarlik ko‘rish choralari belgilandi.
Tomonlarning birgalikdagi sa’y-harakati bilan Toshkentda ikki davlat yirik ishbilarmon doiralar vakillari ishtirokida biznes-forum tashkil etiladigan bo‘ldi.
Moliya vaziri Ali Al-Quvariy bilan suhbat chog‘ida bir qator infratuzilmaviy loyihalarni birgalikda moliyalashtirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ko‘rish ma’qullandi. Markaziy bank boshqaruvchisi – Qatar investitsiya agentligi raisi Abdulla Al-Taniy bilan Qatar va O‘zbekiston tijorat banklari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.
Energetika vaziri – Qatar Energetika kompaniyasi raisi Saad Al-Ka’biy hamda “Nebras Power” kompaniyasi bilan energetika sohasida qo‘shma loyihalar amalga oshirish masalasi muhokama qilindi.
Savdo-sanoat palatasi raisi Xalifa Al-Taniy bilan uchrashuv doirasida qo‘shma Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Qatar “National Cement”, “Baladna”, “Qatar Diar”, “Fitco Detergents”, “Katara Hospitality” kompaniyalari rahbarlari bilan kechgan muzokaralarda qurilish materiallari, maishiy kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish, chorvachilik, mehmonxona, savdo-ko‘ngil ochar va turar-joy majmualari qurish bo‘yicha yirik loyihalar amalga oshirish istiqboli muhokama qilindi.
Bunday muloqot, uchrashuvlar har ikki tomon uchun manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish imkonini berishi shubhasiz.
O‘zA