Yevropada chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan birja savdosida ming kubmetr gaz narxi 400 dollardan ham pastladi, ya’ni, bir kunda gaz qiymati 4 foizga arzonlashdi, deyiladi Londondagi ICE birjasi ma’lumotlarida.
Iyun oyi uchun ming kub metr gazga fyuchers narxlar TTF indeksi bo‘yicha 409,5 dollar miqdorida boshlangan edi. Tez orada ushbu narx 410,7 dollargacha oshgan. Biroq kechga borib fyuchers narx 2021 yil iyuldan buyon ilk bor 400 dollardan ham pastlagan.
Chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan birja yakunlariga ko‘ra, eng past narx 392,4 dollarni tashkil etgan, keyinchalik 395,7 dollargacha ko‘tarilgan.
O‘tgan yili bahorda ming kub metr gaz uchun eng yuqori narx – 3900 dollar taklif etilgan edi, shundan buyon narxlar asta-sekin arzonlashmoqda.
Gaz narxining arzonlashuviga Yevropada yerosti gaz omborlari yetarlicha zaxira g‘amlagani, shuningdek, vaziyatni yaxshilashga qaratilgan iqtisodiy choralar hamda qishning iliq kelishi asosiy sabab bo‘ldi, deyiladi xabarda.