Jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashishning yaxlit tizimini shakllantirish, ichki ishlar organlarining eng quyi bo‘g‘inidan respublika darajasigacha samarali faoliyatini yo‘lga qo‘yish va zamonaviy ish uslublarini joriy etish orqali mamlakatimizda huquq-tartibot va qonuniylikni mustahkamlash, aholining tinchlik-osoyishtaligini ta’minlash ichki ishlar organlarining asosiy vazifasidir.
Ichki ishlar organlari xodimlarining zamonaviy qiyofasini yaratish, ularning mas’uliyati va kasbiy salohiyatini oshirish, jinoyatchilikning yangi ko‘rinishlariga qarshi kurashish uchun zarur ko‘nikmalarni shakllantirish hamda sohani to‘liq raqamlashtirishga erishish maqsadida Ichki ishlar vazirligi tomonidan “Smart mahalla” mobil axborot tizimi ishlab chiqildi. Hozirda dastur Samarqand va Toshkent viloyatlarida sinov tariqasida joriy etilmoqda.
Mazkur axborot tizimi orqali fuqarolarga masofadan turib elektron xizmatlar ko‘rsatiladi. Shu bilan birga ma’lumotlar aktualligini ta’minlash maqsadida “Smart mahalla” mobil axborot tizimi Ichki ishlar vazirligining sohaviy xizmatlari, shuningdek, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda Davlat kadastrlari palatasining axborot tizimlari bilan integratsiya qilindi.
Fuqaro (foydalanuvchi) o‘zi istiqomat qiluvchi mahalla kesimida “Smart mahalla” mobil axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tganidan so‘ng, unga tizimning quyidagi funksiyalaridan foydalanish imkoniyati yaratiladi:
–“Mening mahallam” yo‘nalishida mahalla raisi, mahalla demografik ma’lumotlari va biriktirilgan sektor rahbari, shuningdek, mahalla idorasi va sektor shtabining geojoylashuvi haqidagi ma’lumotlarni olish, sektor faoliyatiga baho berish;
— “Mening inspektorim” yo‘nalishida mahalla profilaktika inspektori haqidagi asosiy ma’lumotlarni va huquq-tartibot maskanining geojoylashuvi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni olish, shuningdek, profilaktika inspektoriga baho berish;
— “Hudud geo-xaritasi” yo‘nalishida sodir etilgan yo‘l-transport hodisalari, ma’muriy huquqbuzarliklar va jinoyatlar haqidagi ma’lumotlarni hududlar kesimida, davr oralig‘ida kuzatish;
– “Davlat organlariga murojaat” yo‘nalishidagi havolalar orqali davlat organlarining saytlarini yuklab, zaruriy axborotlar bilan tanishish va ushbu organlarga o‘rnatilgan tartibda murojaat yo‘llash;
—“Qidiruvdagi va bedarak yo‘qolgan shaxslar” yo‘nalishida huquq-tartibot organlari tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qidiruv e’lon qilingan va bedarak yo‘qolgan deb topilgan shaxslar haqidagi so‘nggi ma’lumotlarni ko‘rish;
—“Sektorga murojaat” yo‘nalishi orqali sektor tomonidan ko‘rib chiqishga vakolat berilgan masalalar yuzasidan murojaat yuborish hamda ko‘rib chiqish natijasini kuzatib borish;
—“Bolani masofadan nazorat qilish” yo‘nalishida ota-onalarga ta’lim muassasalarining turniket, GPS-treker va kuzatuv kameralari tizimlariga ulangan holda farzandlarini nazorat qilib borish;
—“Mening hujjatlarim” yo‘nalishida foydalanuvchiga tegishli shaxsni tasdiqlovchi (mashinada o‘qitiluvchi maydon hamda NFC qurilmaga ega hujjatlar) va boshqa hujjatlarni (ID-karta, manzil varaqasi, pasport nusxasi, haydovchilik guvohnomasi, sug‘urta polisi va boshqalar) Ichki ishlar vazirligining tegishli ma’lumotlar bazalariga murojaat qilgan holda olish, ularni dasturning serverdagi xotirasida saqlash, turli qurilmalar orqali ro‘yxatdan o‘tib yuklash hamda davlat xizmatlaridan foydalanish jarayonida real vaqt davomida taqdim etish;
— “SOS” yo‘nalishida «101», «102», «103», «104», «1050» va «1173» qisqa raqamlariga shoshilinch xabar yo‘llash, shuningdek «102» tizimi orqali murojaat ijrosi doirasida jalb etilgan kuch-vositalarni joylashuvi va hodisa joyiga qarab harakatlanishini real vaqt davomida kuzatib borish.
“Smart mahalla” mobil ilovasining ishlash prinsipi ochiqlik siyosatini yuritish, fuqarolarning tegishli davlat organlariga murojaat qilishlaridagi jarayonlarni maksimal tarzda avtomatlashtirishga qaratilgan. Mazkur axborot dasturini joriy yil yakuniga qadar respublikaning barcha hududlarida tatbiq etish belgilangan.
Jasur Rahmatullayev,
309- guruh kursanti
O‘zA