Bugun Xitoy Xalq Respublikasi Noshirlik va xorijiy tillarda adabiyotlar tarqatish Boshqarmasi huzuridagi Yevropa va Osiyoga adabiyot-xabar tarqatish Markazi – «Jenmin Xuabao» nashriyoti direktori Szyan Yungan boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga tashrif buyurdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston – Xitoy munosabatlarining bugungi jadal rivojlanish bosqichiga chiqishida har ikki mamlakat rahbarlari asosiy ilhomlantiruvchi kuch ekani, bu jarayonda turli yo‘nalishlar qatori axborot sohasidagi aloqalar ham yildan yilga rivojlanib borayotgani ta’kidlandi.

Ayni payt O‘zbekiston Milliy axborot agentligi XXRning 2 ta eng ilg‘or ommaviy axborot vositasi – “Sinxua” axborot agentligi va “Jenmin Jibao” gazetasi bilan imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumi asosida izchil hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Ushbu sheriklar bilan axborot va tajriba almashish, xodimlar malakasini oshirish, turli xalqaro anjumanlarda birgalikda ishtirok etish va boshqa qator yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Janob Szyan Yungan o‘zi rahbarlik qilayotgan muassasa haqida ma’lumot berarkan, tashkilot O‘zA bilan himkorlikdan manfaatdor ekanini urg‘uladi.

– Zamonaviy media makoni talablaridan kelib chiqib, kelgusida tezkor, dolzarb rasmiy xabar va axborotlarni video kontent shaklida tayyorlash va o‘zaro almashish, materiallarni ijtimoiy tarmoqdagi rasmiy sahifalar va kanallar orqali tarqatishda bir-birimizga ko‘maklashishga alohida e’tibor qaratish niyatidamiz, – dedi xitoylik mehmon.

Muloqot so‘ngida yaqin hamkorlikni nazarda tutuvchi hujjatni tayyorlashga kelishildi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, Xitoy Xalq Respublikasi Noshirlik va xorijiy tillarda adabiyotlar tarqatish Boshqarmasi huzuridagi Yevropa va Osiyoga adabiyot-xabar tarqatish Markazi – 1950 yildan boshlab faoliyat ko‘rsatib kelgan «Jenmin Xuabao» nashriyoti negizida 2021 yil kompleks media tashkiloti sifatida qayta tashkil etilgan. Markaziy va Sharqiy Yevropa, Markaziy va Janubiy Osiyo axborot makonini qamrab olgan. Bu tuzilma xitoy, yapon, ingliz, hind, rus tillarida davriy nashrlar – jurnallar chop etadi. O‘quvchilarga rang-barang multi media mahsulotlarini taqdim etadigan Markaz turli tillarga ixtisoslashgan 20 dan ziyod sayt, ijtimoiy tarmoq sahifa va kanallariga, akkauntlarga, onlayn-fotobankka egalik qiladi.

G‘ayrat Xonnazarov, Davron Ernazarov (surat), O‘zA