Bugun Moskvada Turkiya, Rossiya, Suriya hamda Eron harbiy va razvedka idoralari rahbarlari uchrashadi. Bu haqda Turkiya Mudofaa vaziri Xulusi Akar ma’lum qildi.

“Uchrashuvdan maqsadimiz muzokaralar yo‘li bilan mavjud muammolarni tezkorlik bilan hal etish va mintaqada tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashdir”, dedi turk vaziri “TRT”ga bergan intervyuda.

Akarning so‘zlariga ko‘ra, Moskvadagi muzokaralar ortidan “qator ijobiy o‘zgarishlar” sodir bo‘lishi kutilmoqda.

Vazir uning tafsilotlari haqida gapirmadi, deyiladi xabarda.

Anqara va Damashq o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish jarayoni 2022 yil 28 dekabrda Moskvada Rossiya, Suriya va Turkiya Mudofaa vazirliklari  rahbarlari o‘rtasida maslahatlashuvlar o‘tkazilganidan keyin boshlangan edi.

Uchrashuvda qo‘shma uch tomonlama komissiya tuzish bo‘yicha kelishuvga erishiladi. Shundan so‘ng, Tashqi ishlar vazirlari uchrashib, Turkiya va Suriya yetakchilari Rejep Tayyip Erdog‘an va Bashar Asad o‘rtasida muzokaralar tashkil etish rejasini tuzib olishlari kerak edi. Biroq, keyinroq bu diplomatik idoralar rahbarlari uchrashuvida Eron rasmiysining ishtirok etishi xabari qo‘shimcha qilinadi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, to‘rt davlat Tashqi ishlar vazirlari may oyida Moskvada muzokaralar o‘tkazishi rejalashtirilmoqda.

O‘zA