Vena shahrida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT)ning Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha alyansining 23-konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda YeXHTga a’zo davlatlar vakillari ishtirok etdi. Ochilish marosimida YeXHTning  Bosh kotibi H.Shmid, Shimoliy Makedoniya tashqi ishlar vaziri, YeXHTning raisi B. Osmani, Buyuk Britaniya sobiq Bosh vaziri, hozirda ushbu davlatning parlamenti a’zosi T.Mey, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qo‘mitasi raisi R.Alimov va BMT Bosh kotibining maxsus vakili P.Patten mavzuga oid ma’ruzalarini taqdim etdi.

Senat qo‘mitasi raisi R.Alimov o‘z so‘zida mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida barcha sohalarda, xususan,  inson huquq va erkinliklarini ta’minlash yo‘nalishida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilganiga to‘xtalib o‘tdi. Odam savdosi dolzarb ahamiyat kasb etib,  ushbu illatga qarshi kurashishda xalqaro hamjamiyat tomonidan tizimli harakatlar olib borilmoqda.

Xususan, O‘zbekiston  mazkur illatga qarshi kurashishda sohada institutsional, tashkiliy-xuquqiy va xalqaro xamkorlikni takomillashtirish yo‘nalishida tizimli ishlarni amalga oshirmoqda va aniq natijalarga erishmoqda. Bu borada 2019 yilda tashkil etilgan Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha milliy va hududiy komissiyalar, shuningdek, ushbu masalalar bo‘yicha Milliy ma’ruzachi instituti ta’sis etilgan.

O‘zbekistonda odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyaning samarali faoliyati tufayli ushbu yo‘nalishda qator ijobiy natijalarga erishildi.

Tadbir davomida ishtirokchilar tomonidan keyingi yillarda O‘zbekistonda sohada amalga oshirilgan islohotlar yuksak e’tirof etildi.

Odam savdosiga qarshi kurashish, sohaga xalqaro standartlarni joriy etishda YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalar kooordinatori bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan odam savdosiga qarshi kurashishda mintaqaviy va xalqaro harakatlarni takomillashtirish yuzasidan yangi loyihalarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish zarurati ta’kidlandi.

N.Abduraimova, O‘zA