Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahar adliya bo‘limiga “Nukus poligrafkombinati” MCHJning kompensatsiya pulini undirib berishni so‘rab qilgan murojaati ijobiy hal etildi.

–Davlatimiz rahbarining 2018 yil 2 avgustdagi “Respublika hududlarida “BUSINESS CITY”  zamonaviy  ishbilarmonlik  markazlarini  tashkil  etish  chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga asosan, Nukus shahrida “IT-PARK” markazining qurilishiga oid Nukus shahar hokimining 2020 yil 4 iyuldagi qarori qabul qilingan,–deydi Nukus shahar adliya bo‘limi boshlig‘i Nurniyaz Saparniyazov. – Mazkur  qarorga  muvofiq, Nukus  shahri, Qaraqalpaqstan  ko‘chasi 9-uy manzili bo‘yicha joylashgan “Nukus poligrafkombinati” MCHJga tegishli bo‘lgan yer uchastkalardagi imoratni buzib, yer o‘rnini shahar hokimligi yer fondiga qaytarib olish va kompensatsiya pullarini to‘lab berish nazarda tutilgan. Shahar hokimligi va “Nukus poligrafkombinati” MCHJ o‘rtasida olib qo‘yilishi rejalashtirilgan yer uchastkasi, unda joylashgan imoratlar uchun kompensatsiya to‘lovlarini amalga oshirish 2020 yil 20 avgust kuni notarial tartibda kelishuv shartnomasi rasmiylashtirilgan hamda ushbu shartnomaga asosan, hokimlik tomonidan jami 9 milliard 748 million so‘m miqdorida kompensatsiya pullari to‘lanib berilishi belgilangan.

Ammo, shartnoma shartlari “Nukus poligrafkombinati” MCHJ tomonidan to‘liq bajarilgan bo‘lishiga qaramasdan, Nukus shahar hokimligi tomonidan shu kunga qadar shartnomada ko‘rsatilgan kompensatsiya pullari to‘lanib berilmagan. Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil  16-noyabrdagi 911-son qarori bilan tasdiqlangan “Yer uchastkalari olib qo‘yilishi va olib qo‘yilayotgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk ob’ektlari mulkdorlariga kompensatsiya berish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 41-bandiga muvofiq, quyidagilar kompensatsiya qilib beriladi:

a) olib qo‘yilgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk ob’ektlarining bozor qiymati;

b) olib qo‘yilgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymati;

v) ko‘chirish, shu jumladan, boshqa ko‘chmas mulk ob’ektini vaqtinchalik olish bilan bog‘liq xarajatlar;

g) jismoniy va yuridik shaxslarning boy berilgan foydasi;

d) qonun hujjatlarida yoki Kelishuvda nazarda tutilgan boshqa xarajatlar va zararlar.

Mazkur holat yuzasidan adliya bo‘limi tomonidan tegishli hujjatlar to‘planib, Nukus tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo ariza kiritildi. Sud tomonidan ushbu da’vo ariza qonunda belgilangan tartibda ko‘rib chiqilib, natijasi bo‘yicha da’vo ariza qanoatlantirildi. Natijada, “Nukus poligrafkombinati” MCHJ foydasiga 9 milliard 748 million so‘m miqdordagi kompensatsiya puli undirib berilishi haqida hal qiluv qarori qabul qilinishi ta’minlandi.

Dovud ABIBULLAEV,

O‘zA muxbiri