«Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun kuchga kirdi.

Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi a’zosi, senator Abdurahim Irkayev qonun haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:

– Yangi qonun hayotdagi ayrim noxush tendensiyalarning, jinoyatlarning oldini olishda muhim o‘rin tutadi. Chunki qonunchiligimizda xotin-qizlar, bolalar huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini ishonchli himoya qilishda ba’zi bir bo‘shliqlar, tuynuklar bor edi. Bu boradagi kamchiliklarni bartaraf etish nafaqat huquqiy, balki axloqiy, ijtimoiy-ma’naviy, tarbiyaviy, qolaversa siyosiy masaladir.

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasida O‘zbekiston demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat deb mustahkamlanmoqda. Davlatimiz qay darajada bu boradagi majburiyatlarini bajara oladi, qay darajada gender masalalarini, yuvenal huquqni, umuman, ijtimoiy adolatni ta’minlay oladi, degan savolga ijobiy javob o‘ta muhimdir.

Milliy qonunchilik tizimini real hayot talablariga moslashtirib borish shart. Real hayotda esa hamma birday qonun talablariga, axloq va oddiy insonparvarlik talablariga itoat etmaydi.

Axborot oqimi, ijtimoiy tarmoqlar, super qahramonlikni targ‘ib etuvchi elektron o‘yinlar va filmlar ayrim kishilarda, ayniqsa, ayrim yoshlarda nafs va hirsni, yulg‘ichlik va maishiy nosog‘lom ehtiyojlarni, xudbinlikni kuchaytirdi. Natijada oilaviy zo‘ravonlik, nomusga tegish jinoyatlari, oilaviy ajrimlar soni o‘sib borayotir. Ayrim ota-onalar bolalarini qarovsiz qoldirib, mehnat migratsiyasiga yoki uzoq muddatga chetga chiqib ketmoqda.

Zamonaviy taraqqiyotning nafaqat ijobiy, balki mana shunday salbiy tendensiyalarini hisobga olib qonunchilik takomillashtirildi.

Zotan butun dunyoda gender tenglik, xotin-qizlar va bolalar huquqlari, insoniy qadr-qimmatini kamsitilishiga qarshi murosasiz kurash, qo‘llaniladigan jazo choralari kuchayib borayotir. Milliy qonunchiligimizda ham bunday jinoyatlarga qarshi jazo choralari kuchaytirilishi hayotiy zaruratdir.

Shu paytgacha qonunchiligimizda hatto «oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik», «ta’qib etish» kabi tushunchalar yo‘q edi. Qonunchilikda bunday bo‘shliqlar sabab oilaviy zo‘ravonlik va shahvoniy ta’qibga jamoatchilik va huquq organlari jiddiy qaramagan.

Xorazmdagi bolalar uyida tarbiyalanuvchi voyaga yetmagan qizlarni zo‘rlagan mansabdor shaxslarga nisbatan sud tomonidan yengil jazo tayinlangani yuqoridagi fikrni tasdiqlaydi.

Yangi qonunga ko‘ra, 9 qonunga hamda Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Oila va Mehnat kodekslariga o‘zgarishlar va qo‘shimchalar kiritildi.

Endi jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga, shartli ravishda muddatidan ilgari ozod qilish qo‘llanilmaydi. Qonunda bunday jinoyat qilgan shaxslar doirasi kengaytirildi.

Jinsiy zo‘ravonlikni sodir etgan shaxslarni o‘qituvchi, tarbiyachi, to‘garak rahbari, bolalar sport murabbiyi bo‘lib ishlashi ta’qiqlandi.

Axborot texnologiyalari rivojlanishi, qo‘l telefonlari yordamida turli holatlarni videoga tushirib olib yoki pikant suratlarini qing‘ir yo‘llar bilan qo‘lga kiritib, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish yoki tarqataman, deya qo‘rqitishga nisbatan ham jazo choralari ko‘riladi. Jinoyat kodeksi shu maqsadga qaratilgan yangi modda bilan to‘ldirildi.

Kiritilayotgan o‘zgarishlar va qo‘shimchalar bolalar manfaatini ko‘zlab alimentchilarni ma’muriy qonunbuzarlik qilganda «haq to‘lanadigan jamoat ishlari»ga majburiy jalb qilish, mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan ota-onalarning bolasini vasiy, homiy tayinlamasdan qarovsiz qoldirishi ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘lishi va boshqa dolzarb masalalar qamrab olingan.

Xalqimizda «er-xotinning urushi – doka ro‘molning qurishi», degan naql bor. Bu naql aslida oilada uchrab turadigan er-xotinning bahslashib, arazlashib qolishiga taalluqli. Bu xotin, bola-chaqaning kamsitilishi, ularga nisbatan zulm qilinishi yoki ularni xo‘rlashni bildirmaydi.

Afsuski, yuqoridagi naqlni pesh qilib, qo‘ni-qo‘shni, mahalla ahli, hatto qarindosh-urug‘lar ba’zi notinch oilalardagi kelishmovchilik va mojarolarga aralashmaydi, befarq qaraydi. Befarqlik esa xotin-qizlar va bolalarga nisbatan zo‘ravonliklarni bartaraf etishga xalaqit bermoqda. Masalaga tizimli yondashish, maktab va bog‘chadan bolalarni qonunga itoatkorlikka o‘rgatib borish kerak. Huquqiy va axloqiy madaniyatimiz shiddat bilan o‘zgarayotgan hayotdan ortda qolmasligi zarur.

N.Abduraimova, O‘zA