Poytaxtimizdagi Markaziy ko‘rgazmalar zalida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan Xalqaro an’anaviy Tasviriy va amaliy san’at festivali tashkil etildi.

Festivalning ochilishida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, O‘zbekiston xalq rassomi Akmal Nuriddinov, TURKSOY tashkiloti bosh kotibi Sulton Rayev va boshqalar yangilanish bosqichiga kirgan O‘zbekistonda milliy madaniyat va san’at, adabiyot, ilm-ma’rifat ravnaqiga ustuvor ahamiyat qaratilayotganini ta’kidladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan ilg‘or tashabbuslar xalqimiz ijodiy salohiyatini ko‘rsatuvchi ko‘plab ijodiy loyihalarga keng yo‘l ochmoqda.

San’atning turli yo‘nalishlarida bo‘lgani kabi o‘zbekistonlik rassomlar, xalq amaliy san’ati ustalari, dizaynerlar, fotomusavvirlar, haykaltaroshlar Vatanimiz sharafini turli ko‘rgazmalar, festivallar, xorijdagi «O‘zbekiston madaniyati kunlari»da o‘z ijod namunalari bilan munosib tarzda himoya qilmoqda. O‘zbekiston chin ma’noda iste’dodlar diyori ekanini betakror asarlari, milliy ruhdagi kompozitsiyalari bilan yorqin namoyish etmoqda.

Badiiy akademiya tomonidan o‘tkazilayotgan Xalqaro an’anaviy Tasviriy va amaliy san’at festivali ham tasviriy va amaliy san’at sohasidagi yutuqlarimizni muxlislar, xorijlik mehmonlar e’tiboriga havola etayotgani bilan ahamiyatlidir.

Festivalning ilk kunida yurtimiz va xorijlik rassomlar asarlaridan iborat ko‘rgazmalar, san’at yo‘nalishidagi ta’lim dargohlari yoshlari ijodiga oid liboslar namoyishi, plener mashg‘ulotlar, mahorat saboqlari tashkil etildi.

Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri