Fuqarolik ishlari buyicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumanlararo sudining 2016 yil 5 iyuldagi ijro hujjatiga asosan qarzdor K.J.dan undiruvchi A.Abdiramanovaning foydasiga uning tarbiyasidagi voyaga yetmagan 3 nafar farzandi ta’minoti uchun aliment undirish belgilangan.

Mazkur ijro hujjati, Byuroning Ellikqal’a tumani bo‘limi ish yurituviga joriy yil 10 yanvarda kelib tushgan va ijro ishi yurituvi qo‘zg‘atilgan. Ijro harakatlari davomida, qarzdor K.J. tomonidan aliment nafaqasi oyma oy to‘lanib kelingan va joriy yilning aprel oyida Byuro bo‘limiga kelib oldindan to‘lab berish istagini bildirgan.

Shu sababli, davlat ijrochisi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 6 oktyabrdagi “Alimentlarni oldindan to‘lash, shuningdek, aliment to‘lash majburiyatini ta’minlash bo‘yicha garov shartnomasini tuzish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan 5 yillik aliment pullari MIB-portal dasturi orqali hisoblandi va qarzdor K.J. tomonidan jami 111,2 million so‘m oldindan to‘lab berildi.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA