Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi hamda Ellikqal’a tumani Ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan hamkorlikda olib borilgan “Tun” tadbiri davomida gumon qilinuvchi fuqaroning yonidan giyohvandlik moddasi topildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Axborot xizmatining ma’lum qilishicha, olib borilgan tezkor qidiruv tadbiri natijasida To‘rtko‘l tumanida yashovchi fuqaro boshqaruvidagi “COBALT” rusumli transport vositasi Ellikqal’a tumani Sarabiy ovul fuqarolar yig‘ini hududidan o‘tgan A-380 “G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beyneo‘” avto yo‘lining 606-609 kilometri oralig‘ida to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Fuqaro M.B. egnidagi oq rangli sport kiyimining o‘ng tomon cho‘ntagidan oq rangli sellofan paketga o‘ralgan, ichida jigar rangli, o‘tkir hidli, yumshoq, yopishqoq holdagi modda borligi aniqlandi va tegishli tartibda hujjatlashtirib olindi.

Mazkur holat yuzasidan tayinlangan sudga oid-kimyoviy ekspertiza xulosasida M.B. dan olingan jigar rangli, o‘tkir hidli, yumshoq, yopishqoq holdagi modda tarkibida O‘zbekiston Respublikasi hududida muomalada bo‘lishi taqiqlangan, umumiy sof og‘irligi 116 (bir yuz o‘n olti) gramm “opiy” giyohvandlik moddasi borligi aniqlandi.

Mazkur holat yuzasidan B.M. ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 25, 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi vaqtda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Dovud ABIBULLAEV,  

O‘zA muxbiri