Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etish borasidagi dolzarb vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda aytilgan taklif va tashabbuslar bo‘yicha yoshlarga oid davlat siyosatini samarali tashkil etishga qaratilgan “Yangi O‘zbekiston yoshlari” dasturi ishlab chiqiladi.

Dasturda yoshlarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, bandligini ta’minlash, ularni IT, xorijiy til, zamonaviy kasblarga o‘qitish, sportga jalb qilish, xorijdagi yoshlar bilan ishlash, milliy va oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash masalalari nazarda tutiladi.

Dasturda sohada erishiladigan aniq maqsadli indikatorlar belgilanadi.

– Yoshlar bilan ishlash barcha rahbarlarning, keng jamoatchilikning, butun jamiyatimizning eng ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi, – dedi davlatimiz rahbari.

Prezident bu borada parlament vakillari, mahalliy Kengashlar deputatlari, siyosiy partiyalar, ziyolilar, nuroniylar, mahalla faollarini ham qattiq bel bog‘lab, yoshlar tarbiyasi, ularning muammolarini hal qilish bilan astoydil shug‘ullanishga chaqirdi.

Yig‘ilish davomida hudud va soha rahbarlarining axboroti tinglandi.

O‘zA