Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 30 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Jo‘qorg‘i Kenges deputatlari, vazirliklar, tashkilot va korxonalar, ta’lim muassasalari, huquqni muhofaza qilish organlari rahbarlari, talaba-yoshlar, jamoat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Dastlab O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarining davlat madhiyalari yangradi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev tadbir ishtirokchilarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 30 yilligi bilan samimiy qutlab,  asosiy qonunimizning inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, xalq farovonligini oshirishdagi ahamiyatiga to‘xtaldi.

Ta’kidlanganidek, Konstitutsiya – bu milliy  huquq tizimining asosini tashkil etish bilan birga u ijtimoiy hayotning o‘lchamlarini o‘zida jamlashi bilan ajralib, inson huquq va erkinliklarini belgilashda muhim hujjat hisoblanadi.

Davlatimizning mustaqil rivojlanish bosqichlariga nazar tashlar ekanmiz, ijtimoiy-siyosiy hayotimizda yuz berayotgan o‘zgarishlar bilan yangilanishlar, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda erishilayotgan natijalar asosiy qonunimiz yaratib bergan imkoniyatlarning samarasi hisoblanadi. Prezidentimiz tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan qarorlar, Davlat dasturlari hayotimizda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Tantanali tadbirda Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston Respublikasi xalq yozuvchisi K.Karimov, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti talabasi D.Egamberdiyev so‘zga chiqib, Orolbo‘yi aholisiga ko‘rsatilayotgan alohida e’tibor va g‘amxo‘rligi uchun Prezidentimizga minnatdorchilik bildirdi.

Tadbir san’at ustalarining konsert dasturi bilan yakunlandi.

Dovud ABIBULLAEV,

O‘zA muxbiri