Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti qoshidagi Akademik litseyda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi yangi tahriri bo‘yicha umumxalq referendumi hamda 9 aprel Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganiga 30 yil to‘lishi munosabati bilan “Konstitutsiya – baxtimiz qomusi” shiori ostida tadbir o‘tkazildi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Nukus shahar Kengashi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda partiya faollari, litsey o‘qituvchilari va o‘quvchilar qatnashdi.

Tadbirda shu yilning 30 aprel kuni o‘tkaziladigan referendum, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi, unga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar, yoshlarning, o‘qituvchilarning, qolaversa har bir fuqaroning huquqlari bilan erkinliklari xususida, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstituciyasining qabul qilinishi tarixi, mazmuni to‘g‘risida ishtirokchilarga batafsil ma’lumot berildi. Shundan so‘ng, o‘quvchi yoshlarning huquqiy bilimlarini sinash, Konstitutsiyaga oid tushunchalarini kengaytirish maqsadida bellashuv o‘tkazildi. Ishtirokchilar jamoaviy tarzda 3 ta shart bo‘yicha o‘zaro kuch sinashib, hakamlar hay’ati tomonidan berilgan baholarga mos ravishda tegishlicha o‘rinlarga sazovor bo‘lishdi. G‘oliblar tashkilotchilar tomonidan taqdirlandi.

Tadbir ishtirokchilari referendumga befarq bo‘lmasdan, o‘zlarining fuqarolik huquqidan foydalangan holda mazkur dolzarb siyosiy jarayonda faollik ko‘rsatishga ahd qilishdi.

Dovud ABIBULLAEV,  

O‘zA muxbiri