O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi tashabbusi bilan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun Nukus shahridagi “Ishga marhamat” monomarkaziga press-tur tashkil etildi.

Dastlab tadbir ishtirokchilariga monomarkazda fuqarolarni zamonaviy kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish, shu asosda ularni doimiy daromad keltiradigan mehnat va tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish orqali bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, kelgusidagi rejalar to‘g‘risida batafsil malumot berildi.

Davlatimiz rahbarining 2020 yil 11 avgustdagi “Kambag‘al va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga o‘qitishga qaratilgan hamda aholi bandligini ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori asosida Nukus shahridagi oldingi kommunal xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji binosining bir qismi qayta rekonstruksiya qilinib, “Ishga marhamat” monomarkazi tashkil etildi.

Mazkur markazning asosiy maqsadi ishsiz, band bo‘lmagan aholini, shuningdek belgilangan tartibda vaqtinchalik xorijga ishga jo‘nab borayotgan fuqarolarni kasb-hunarga, tadbirkorlikka va xorijiy tillarga o‘qitish  hisoblanadi.

Monomarkazda 2021 yilda ishsiz jami 1128 nafar,  2022 yilda esa 3122 nafar fuqaro o‘qishga qabul qilindi. Joriy yilning yanvar-mart oylarida 16 ta kasb-hunarga, 5 ta  xorijiy (ingliz, rus, koreys, yapon va turk) tilga o‘qitish va 5 ta axborot texnologiyalari (IT) sohasi bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etildi. Mazkur kurslarda o‘qish uchun aholi  bandligiga ko‘maklashish markazlari yo‘llanmasi bilan 1011 nafar, shartnoma asosida 312 nafar, jami 1323 nafar fuqaro qabul qilingan.

Bundan tashqari,  Nukus shahridagi 1-sonli filialga joriy yilning yanvar-mart oylari mobaynida kasb-hunarga, xorijiy tillarga o‘qitish va axborot texnologiyalari (IT) sohasi bo‘yicha o‘quv kurslariga 235 nafar,  2-sonli filialga  232 nafar, Qo‘ng‘irot tumanidagi filialga 233 nafar fuqaro qabul qilingan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yaqin kunlarda Chimboy tumanida ham yangi filial faoliyatini boshlaydi.

Tadbir ishtirokchilari monomarkazdagi turli kasb-hunarga va chet tillariga o‘qitadigan kurslarning faoliyati bilan yaqindan tanishdi. O‘zlari tanlagan kasbining mohir ustasi bo‘laman, kelajakda shu kasbim orqali daromadga ega bo‘laman degan fuqarolar uchun bu yerda barcha sharoit yaratilgan Ularga tajribali mutaxassislar kasb sirlarini o‘rgatmoqda. Jumladan, oshpazlik   kasbi usta-muhandisi Farhod Abdullayev Rossiya Federatsiyasi, Litva va Qozog‘iston mamlakatlarida faoliyat olib borgan bo‘lsa, elektr payvandlash bo‘yicha usta-muhandis Izboskan Nurekeyev o‘tgan yili Koreya mamlakatida malaka oshirib qaytdi.

Tumanlardan kelganlar yotoqxona bilan ta’minlangan. Nogironligi bo‘lgan shaxslar ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Masalan, Shumanay tumanidan ikkinchi guruh nogironligi bo‘lgan Bahodir Jumaboyev maishiy texnika qurilmalarini ta’mirlash ustasi guruhida ta’lim olmoqda. Kelajakda tumanda maishiy texnikalarni ta’mirlash ustaxonasini ochmoqchi. Hozirning o‘zida ustozidan ushbu kasb sirlarini ancha o‘rganib oldi. Monomarkaz bitiruvchilarining aksariyati shaxsiy ustaxonalar tashkil etib, aholiga xizmat ko‘rsatmoqda.

Tadbir ishtirokchilarini qiziqtirgan savollariga soha mutaxassislari tomonidan batafsil javob berildi.

Dovud ABIBULLAEV,  

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA