Shifokorlarning aytishicha, ko‘plab kasalliklar sog‘lom turmush tarziga amal qilmaslikdan kelib chiqadi. Xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida Sog‘lom ovqatlanish ratsioniga doir tavsiyalar aholiga yetarli darajada yetkazilmayotgani haqida alohida to‘xtalib o‘tgan edi. Afsuski, bu haqiqat, joylarda bu mavzuda aholi uchun kengroq tushuntirishlar va ko‘proq targ‘ibot ishlari olib borilishi lozim.

Misol uchun, soha mutaxassislari to‘g‘ri ovqatlanishning o‘ziga xos tartiblari mavjudligi, unga rioya qilish zarurligini bot-bot ta’kidlaydilar.

Jumladan, kun davomida 3 mahal ovqatlanish tartibiga amal qilish va tavsiya etilayotgan taomlar: sut, sariyog‘, shirguruch, pishloq, tvorogni nonushtada iste’mol qilish zarur. Shu bilan birgalikda, tushlik uchun ham alohida tavsiyalar mavjud. Kechki ovqatda esa ba’zi taomlarni yeyish tavsiya etilmaydi.

Bu borada Toshkent tibbiyot akademiyasi Bolalar, o‘smirlar va ovqatlanish gigiyenasi kafedrasi mudiri, professor Nizom Ermatov batafsil to‘xtaldi.

«Dunyo hamjamiyatida yuzaga keladigan o‘lim holatlarining o‘nta asosiysidan oltitasini olsak, bu sog‘lom ovqatlanish buzilishi bilan kelib chiqqan holat bo‘ladi» deydi professor.

Suhbat davomida shuningdek, oshqozon va ichak kasalliklari, tanada ortiqcha vaznning ortishi, erkaklarda qorin sohasi kattalashuvining kelib chiqishi, qabziyat, qandli diabetga sharoit yaratadigan omillar bilan bog‘liq savollarga ham to‘xtalib o‘tildi.

M.Eshmirzayeva, D.Yakubov