Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan Informatika bo‘yicha olimpiada jamoasini tayyorlash bo‘yicha maxsus o‘quvlar boshlandi.

Informatika va axborot texnologiyalari bo‘yicha xalqaro olimpiadaga tayyorgarlik jarayonlarini yanada kuchaytirish, terma jamoaning nufuzli musobaqadagi natijadorligini yaxshilash maqsadida xalqaro informatika olimpiadasi oltin medali sohibi, Polsha yoshlar informatika olimpiadasi bosh koordinatori Bartosz Kostka yurtimizga taklif qilindi.

Poytaxtimizdagi IT Park binosida xalqaro olimpiadalarda ishtirok etuvchi o‘quvchilar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda Maktabgacha va maktab ta’limi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi mas’ul xodimlari hamda polshalik mutaxassis Bartosz Kostka ishtirok etdi.

Bartosz Kostka joriy yil Vengriyada o‘tkaziladigan olimpiada musobaqalariga yurtimiz terma jamoa a’zolarini puxta tayyorlash bilan birga, ularning imtihon jarayonlarida zarur bo‘ladigan ruhiy ko‘nikmalarini mustahkamlashda yordam beradi.

Qayd etish lozimki, 35-Xalqaro informatika olimpiadasi 2023 yil 28 avgustdan 4 sentyabr kuniga qadar Vengriyaning Seged shahrida bo‘lib o‘tadi, unda 4 nafar o‘zbekistonlik yoshlardan iborat terma jamoamiz vakillari ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Mamlakatimizda 12 nafar o‘quvchi  35-Xalqaro informatika olimpiadasida ishtirok etish uchun 10 kun davomida Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan intellektual oromgoh majmuasida xalqaro darajadagi trener tomonidan tayyorlanadi.

Tayyorgarlik natijalariga ko‘ra 4 nafar o‘quvchi saralab olinadi.

Uchrashuvdan so‘ng o‘quvchilar,  xalqaro va mahalliy trenerlar intellektual oromgohga jo‘nab ketdi.

O‘zA