Nukusda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudlari tomonidan huquq-tartibot idoralari vakillari bilan birgalikda “Sud-huquq islohotlarini amalga oshirishda qonun ustuvorligini ta’minlashning konstitutsiyaviy asosi” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.

Sud-huquq sohasidagi islohotlarni amalga oshirishda qonun ustuvorligini ta’minlash, odil sudlovni amalga oshirish borasidagi dolzarb vazifalarga bag‘ishlangan tadbirda sud, prokuratura, adliya, bojxona, ichki ishlar, soliq organlari mutasaddilari, oliy o‘quv yurtlarining professor-o‘qituvchilari, sudyalar, O‘zbekiston Sudyalar oliy maktabi tinglovchilari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, qonun ustuvorligini ta’minlash har qanday zamonaviy demokratik davlatning asosi hisoblanadi. Sir emaski, aynan Konstitutsiyada belgilangan ustuvor qoidalar asosida mamlakatda jamiyat, uning siyosiy institutlari va iqtisodiyot to‘liq rivojlanadi.

So‘nggi yillarda sud-huquq tizimini rivojlantirishga qaratilgan jiddiy o‘zgarishlar amalga oshirildi. Mamlakatimizda inson, uning huquq va erkinliklari oliy qadriyat darajasida belgilandi. Bu esa, barqarorlikka, xalqaro hamjamiyat e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda.

Yangilanayotgan Konstitutsiya taraqqiy etgan davlat – Yangi O‘zbekistonni qurish g‘oyasi atrofida butun jamiyatimizni jipslashtirishi, unda barcha qatlam manfaatlari inobatga olinganligi, loyihani ishlab chiqishda keng jamoatchilik, siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari, ekspertlik va ilmiy doiralar vakillari, ziyolilar faol ishtirok etganligi alohida ta’kidlandi.

Umumxalq muhokamalarida 220 mingdan ziyod taklif kelib tushganligi, takliflarning har to‘rttasidan bittasi loyihadan joy olganligi qayd etildi. Shu ma’noda yangilanayotgan Konstitutsiya tom ma’noda xalq Konstitutsiyasi bo‘layotganligi ta’kidlandi.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan amaldagi Konstitutsiyaga 27 ta yangi modda kiritilmoqda, moddalar soni 128 tadan 155 taga oshmoqda, Konstitutsiyamizning amaldagi 275 ta normasi 434 taga ko‘paymoqda, ya’ni 65 foizga yangilanmoqda.

Seminarda yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga kiritilayotgan asosiy o‘zgarishlarning har biri bo‘yicha alohida to‘xtalib o‘tilib, fikr va mulohazalar bildirildi.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri