Qoraqalpog‘iston Respublikasida joriy yil hosili uchun chigit ekish ishlari davom etmoqda.

Orolbo‘yi tumanlarida 2023 yil hosili uchun 15 ta klaster korxonasiga 86 ming 800 gektar maydonga chigit ekish rejalashtirilmoqda. Chigit ekiladigan maydonlarda ekish oldi sho‘r yuvish ishlari to‘liq amalga oshirildi. Shuningdek, 4400 tonna urug‘lik chigitni tozalash, dorilash ishlari to‘liq olib borildi. Bundan tashqari, klaster korxonalariga qarashli 101 ta chigit tarqatish shoxobchasi mavsumga tayyor holatga keltirildi.

Chigit ekish ishlarini tizimli olib borish maqsadida 249 ta otryad tashkil etilib, ularga 663 dona haydov traktori, 2184 dona chopiq traktori, 902 dona chigit ekish seyalkasi, 492 dona tekislagich, 2 ming 706 nafar mas’ul biriktirildi. Shu bilan birga chigit ekish ishlarini optimal muddatlarda amalga oshirish maqsadida kunlik grafiklar ishlab chiqildi. bugungi kunda, 11 ming gektar maydon tayyorlanib, 10 ming 507 gektar maydonda chigit ekildi.

Kegeyli tumanidagi “KEGEYLI-SHÍMBAY AGRO KLASTER” mas’uliyati cheklangan jamiyatida chigit ekishga bag‘ishlangan ko‘rgazmali amaliy seminar tashkil etildi. Unda sektor rahbarlari, sohaga mas’ul tashkilot va korxonalar, paxta-to‘qimachilik klasterlari boshliqlari va fermerlar ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, tuman bo‘yicha joriy yilda 197 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 6 ming gektarga chigit ekish rejalashtirilgan. Tumanda mavsumga puxta hozirlik ko‘rilib, ekish otryadlari shakllantirildi. Ularga tajribali qishloq xo‘jaligi mutaxassislari jalb etildi.

Tadbirda chigit ekishni o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri