Bosh qomusimiz – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oid referendum joriy yilning 30 aprelida bo‘lib o‘tadi. Ushbu muhim siyosiy jarayon oldidan respublikamizning barcha hududlarida “Konstitutsiya– o‘zimizniki!” shiori ostida konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Nukus garnizonida o‘tkazilgan targ‘ibot tadbiri yuqori kayfiyatda tashkil etilib, xalq va armiyaning birdamligini, har bir yurtdoshimizning jamiyatimizdagi o‘zgarishlarga, yurtimiz taqdiriga befarq emasligini namoyish etdi.

Bu haqda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati xabar berdi.

Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazi binosi oldida o‘tkazilgan tadbirda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni general-mayor Farhodjon Shermatov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Leyli Seytova va Ruslan Jumamuratov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Qonuniylik, sud-huquq va korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari qo‘mitasi raisi Zuhra Reymova, Jo‘qorg‘i Kenges deputati Zuhra Paluanova, Nukus shahar kengashi deputati Gulsara Abibullayeva, Nukus harbiy prokurori adliya polkovnigi Shuhrat Zoirov, o‘quvchi-yoshlar va harbiy xizmatchilar qatnashdi.

Tadbirda so‘z olganlar, konstitutsiyaviy islohotlar “Avval inson, keyin – jamiyat va davlat” degan g‘oya asosida erkin, demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlatni shakllantirish va taraqqiy etirishga qaratilgani bilan ahamiyatli ekanini ta’kidlab, barchani referendumda faol ishtirok etishga chorlab qolishdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazi harbiy orkestri ijodkorlari tomonidan Vatan madhini tarannum etgan kuy va qo‘shiqlar barchaga xushkayfiyat ulashdi.

Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish joiz, O‘zbekiston Respublikasining referendumi respublika qonunlarini va boshqa qarorlarni qabul qilish maqsadida jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari yuzasidan fuqarolarning umumxalq ovoz berishidir. O‘zbekiston Respublikasining yangilanayotgan Konstitutsiyasida moddalar soni amaldagi 128 tadan 155 taga, normalar soni esa 275 tadan 434 taga ko‘paymoqda. Amaldagi 128 ta moddadan 91 tasiga konseptual o‘zgartirishlar kiritilmoqda.  Konstitutsiya matni 65 foizga yangilanishi rejalashtirilmoqda.

 

O‘zA