O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 mart kuni Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Siyosiy byurosi a’zosi, Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni Kompartiyasi Partqo‘mi kotibi Ma Sinjuy boshchiligidagi XXR delegatsiyasi bilan o‘tkazgan uchrashuvda O‘zbekiston hududlari va SHUAR o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqilgan edi.

O‘zbekiston hududlarida Xitoyning yetakchi kompaniyalari ishtirokida qayta tiklanuvchi energetika, transport infratuzilmasini rivojlantirish, sanoat parklari va qishloq xo‘jaligi klasterlarini tashkil etish sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari e’tibor markazida bo‘ldi. Ushbu uchrashuvda kelishib olingan hamkorlik masalalarni va Prezidentimizning Orolning qurigan tubida innovatsion usullarni qo‘llagan holda yashil o‘rmonzorlar va yashil qoplamali yaylovlar barpo etish buyicha qo‘ygan vazifalarini amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi taklifi bilan Xitoy Fanlar akademiyasi huzuridagi Shinjon ekologiya va geografiya institutining bir guruh olimlari Qoraqalpog‘istonga tashrif buyurdi.

Xitoylik olimlar bilan uchrashuvda tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari keng mukohama qilindi. Markaz direktori B.Xabibullayev  mehmonlarga davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan amalga oshirilgan ilmiy-amaliy innovatsion loyihalar, Orolbo‘yi hududida mavjud ekologik muammolar va ularning yechimlari buyicha taqdimot qildi. O‘z navbatida, mehmonlar tomonidan Xitoyning yetuk innovatsion texnologiyalarini atrof-muhitni boshqarishga integratsiyalash, sanoat konvergensiyasi va texnologiya integratsiyasi orqali Orol dengizining ekologik muammolarini hal qilish bo‘yicha eksperimentlar hamda namoyishlar o‘tkazishga qaratilgan yangi innovatsion loyihasi taqdimoti o‘tkazildi.

Uchrashuv doirasida qiymati 500 ming AQSH dollari bo‘lgan  “Orol dengizi havzasining ekologik tiklanishida fotoelektr quyosh energiyasi foydalanish tajribasini qo‘llash va namoyish etish” innovatsion loyihasini hamkorlikda amalga oshirish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi hamda Shinjon ekologiya va geografiya instituti o‘rtasida kelishuv imzolash marosimi bo‘lib o‘tib, loyihaga start berildi. Ushbu loyihani  tegishli xorijiy va mahalliy tashkilotlar bilan hamkorlikda 2023-2025 yillarda amalga oshirish nazarda tutilgan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji va aholi hayoti bilan tanishish maqsadida 30 mart kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi doirasida Nukus yoshlar texnoparkini borib ko‘rish chog‘ida  “Yashil” texnologiyalarga asoslangan innovatsion loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash,  uni amaliyotga kengroq joriy etish kerakligini ta’kidlab o‘tgan edi.

Tadbirdan so‘ng xitoylik delegatsiya Nukus tumanidagi “KPC NUKUS HERBAL TECHNOLOGY” O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasida bo‘ldi.  Korxona qizilmiya ildizi va ekstraktini Xitoy davlatiga eksport qilib kelmoqda. Mehmonlarga korxonada olib borilayotgan ishlar, sohaga joriy etilgan yangi zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalari namoyish etildi. Shuningdek, ushbu tumandagi “Nukus agrofish klaster” faoliyati bilan tanishtirildi. Korxona, asosan, baliq va baliq mahsulotlarini yetishtirish va ularni chet davlatlarga eksport qilish bilan shug‘ullanib kelmoqda. Korxona so‘nggi zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan jihozlangan bo‘lib, yiliga 300 tonna baliq yetishtiradi.

Mehmonlar akademik Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutining Kegeyli tumanidagi stansiyasi intensiv bog‘ida ham bo‘ldi. Mazkur stansiyada Orolbo‘yining keskin o‘zgaruvchan iqlimi, kuchli tuproq sho‘rlanishi va noqulay tabiiy omillarga moslashgan meva ko‘chatlarini yetishtirish buyicha yangi zamonaviy texnologiyalar asosida keng ko‘lamli ilmiy va amaliy ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur nntensiv bog‘ Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining  hududiy loyihasi doirasida zamonaviy innovatsion usulda barpo etilgan bo‘lib, tajriba-sinov maqsadida 0,7 gektar maydonda ko‘chatxona va 2 gektar maydonda onalik meva bog‘lari barpo etilgan. Ekin maydonlari zamonaviy sug‘orish va o‘g‘itlash tizimlari bilan ta’minlangan. Hozirgi kunda bog‘da olmaning 14 navi va nokning 2 navi parvarishlanmoqda.

Bo‘lib o‘tgan uchrashuvlardan so‘ng mehmonlar o‘zlarining olgan taassurotlari hamda sohalarga innovatsion g‘oyalarni va yondashuvlarni yanada ko‘proq joriy etish buyicha o‘zlarining fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi o‘rinbosari R.Saparbayev ishtirok etdi.

Dovud ABIBULLAEV,  

O‘zA muxbiri