2022 yil muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan hamda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugning Nukus va Urganch garnizonlarida yigitlik burchini yorug‘ yuz bilan o‘tagan askarlar tantana bilan kuzatildi.

Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan marosimda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonining birinchi o‘rinbosari polkovnik Dilshod Ilhomov, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi hamda Faxriylar ishlari bo‘yicha kengashi a’zolari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamda harbiy xizmatchilar qatnashdi.

Bu haqda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati xabar berdi.

Yigitlarni uylariga kuzatish marosimida so‘zga chiqqanlar ularni qutlab, ona yurt oldidagi xizmatlari uchun minnatdorchiligini bildirdi. Jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlarida iqlimning ekstremal injiqliklarini sabru-bardosh bilan yenggan harbiy xizmatchilar qo‘yilgan o‘quv-jangovar vazifalarni sifatli bajargani ta’kidlandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatining olis hududlaridagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi sust bo‘lgan qishloq va ovul ahliga amaliy yordam ko‘rsatish, ular holidan xabar olish, moddiy va ma’naviy ko‘mak berish maqsadida harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi tomonidan tashkil etilgan gumanitar aksiyalar, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish tadbirlarida muddatli harbiy xizmatchilarning jonbozligi aholi tomonidan juda iliq qarshi olingan edi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar yigitlik burchini munosib bajarib, uylariga yorug‘ yuz bilan qaytayotgan askarlarga kelajakda ham Vatan, el-yurt uchun jonkuyar, fidoyi inson bo‘lib qolishlarini tilashdi.

Tantana davomida 400 nafarga yaqin muddatli harbiy xizmatchiga oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda qo‘shimcha ball beradigan harbiy qism qo‘mondonligining imtiyozli tavsiyanomalari topshirilib, bir guruh askarlar ota-onalari tashakkurnomalar, faxriy yorliq bilan mukofotlandi.

Ta’kidlash joizki, muddatli harbiy xizmatni o‘tash davrida 40 nafardan ziyod yoshlar hayotini armiya bilan chambarchas bog‘lab, kelgusida kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni davom ettirishga istak bildirdi.

Nukus garnizoni harbiy orkestri hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligining san’atkorlari tomonidan taqdim etilgan konsert dasturi barchaga xushkayfiyat ulashdi.

Muddatli harbiy xizmatchilar an’anaga muvofiq safda tantanali marsh yurish bilan ramziy ma’noda harbiy qism bilan xayrlashdi. Shundan so‘ng Mudofaa vazirligining buyurtmasiga asosan “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan taqdim etilgan maxsus harbiy eshelon bilan harbiy orkestr sadolari ostida uylariga jo‘nab ketishdi.

O‘zA