Tabiat resurslari vazirligi hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasi hamkorligida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida keng jamoatchilik bilan birgalikda yugurish orqali chiqindilarni saralab yig‘ish – «plogging» tadbirlari tashkil etildi.
Poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan tadbirning ochilish marosimida tabiat resurslari vaziri o‘rinbosari Obidjon Qudratov mamlakatimiz miqyosida ilk bora o‘tkazilayotgan ushbu «plogging» hududlarimiz toza-ozodaligini ta’minlashga, jamoatchilikda bu borada daxldorlik hissini uyg‘otishga xizmat qilishini ta’kidladi.
– Chiqindilar sektori iqlim o‘zgarishi, biologik xilma-xillik nobud bo‘lishi hamda atrof-muhitning ifloslanishiga sabab bo‘lmoqda, – dedi Obidjon Qudratov. – Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunga kelib mamlakatimiz bo‘yicha bir kunda 19-20 ming tonna chiqindi hosil bo‘lmoqda. Chiqindilar turli xil metallar, shisha idishlar, makulatura, plastik, oziq-ovqat mahsulotlarining qoldiqlaridan iborat bo‘lib, ularning faqat 32 foizi qayta ishlanmoqda.
Urbanizatsiya jarayoni jadallashib, shaharlar tobora kengayayotgan, aholi soni o‘sayotgan va uning ehtiyojini qondirish uchun millionlab turdagi tovarlar ishlab chiqarilayotgan bir paytda chiqindilarni qayta ishlash va ularning utilizatsiyasi eng katta ekologik muammolardan biri bo‘lib qolmoqda.
Tadbir davomida “Zero Waste” respublika aksiyasiga start berildi.
Aksiya doirasida Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani Istiqlol va Maxtumquli ko‘chalari chorrahasida joylashgan istirohat bog‘i hududi plastik butilkalar, alyumin bankalar va turli xil qog‘ozlardan tozalandi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA