Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov AQSHning O‘zbekistondagi yangi tayinlangan elchisi Jonatan Xenikni qabul qildi.

Uchrashuvda viloyat rahbari elchixona tomonidan mamlakatimiz, xususan, Navoiy viloyati bilan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar uchun minnatdorlik bildirdi.

Shuningdek, N.Tursunov o‘zaro aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish imkoniyati, jumladan, viloyatda xorijiy investorlar uchun yaratilgan sharoitlar haqida ma’lumot berdi.

Xususan, viloyat rahbari import sifatida olib kelinayotgan mahsulotlarni mahalliylashtirish bo‘yicha hududdagi yirik korxonalar bilan kooperatsiya aloqasini o‘rnatish, 20 turdagi noruda foydali qazilmalarning 100 dan ortiq ishlab chiqarishga jalb etilmagan konlarini o‘zlashtirish, barcha infratuzilma bilan ta’minlangan “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasidagi 260 gektar bo‘sh yer maydoniga amerikalik investorlarni jalb etish taklifini ilgari surdi.

O‘z navbatida Elchi viloyatning investitsiya imkoniyatini inobatga olib, amerikalik salohiyatli investorlarni Navoiy viloyatiga jalb qilishda har tomonlama amaliy ko‘mak ko‘rsatishga tayyor ekanini ta’kidladi.

Uchrashuvda hududlararo hamkorlikni rivojlantirishga asos bo‘luvchi omillar va zarur sharoitni nazarda tutgan holda savdo-iqtisodiy aloqani mustahkamlashga qaratilgan vazifalar belgilab olindi.

Navoiy viloyati hokimligi

axborot xizmati