Oldimizda turgan muhim siyosiy jarayon — “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha referendumni milliy qonunchiligimiz va xalqaro talablarga mos tarzda o‘tkazish dolzarb ahamiyatga ega.

Xo‘sh, referendumda qanday prinsiplarga amal qilinishi lozim, fuqarolar mazkur jarayonda qay tartibda ovoz beradi?

Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi a’zosi Gulnoza Ismoilova O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi:

— Mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan referendum «O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksiga asosan o‘tkaziladi. Referendum o‘tkazishning asosiy prinsiplari bu fuqarolarning o‘z xohish-irodasini umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri bildirishi asosida yashirin ovoz berishidir.

Har bir O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi saylov yoshiga yetgandan keyin referendumda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining referendumda ishtirok etishi ixtiyoriy va erkin hisoblanadi.

O‘zbekiston hududidan tashqarida bo‘lgan fuqarolarimiz ham chet eldagi vakolatxonalarimiz huzurida tashkil etilgan referendum uchastkalarida ovoz berish huquqlardan foydalanishlari mumkin.  Bu borada ham barcha sharoitlar yaratilgan.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari referendumda teng asoslarda ishtirok etadi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, har bir fuqaro bir ovozga ega bo‘ladi. Ya’ni, har bir fuqaro aynan o‘zining qarorini aks ettirish imkoniyatiga ega. Yashirin ovoz berishda unga tazyiq o‘tkazish, tashqaridan ta’sir ko‘rsatish mumkin emas. Ovoz beruvchi tashqi fikrlardan xoli ravishda kabinada o‘z qarorini yashirin tarzda bildiradi.

Muhtarama Komilova, Doniyor Yoqubov (video), O‘zA