Prezident tashrifidan so‘ng…

Farzandining vatan himoyachisi bo‘laman degan ahdini eshitgan ota-ona qanchalar suyunishini tasavvur qilish qiyin emas. “Yosh chegarachilar”, “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseylari yurt tinchligi, sarhadlar mustahkamligi yo‘lini tutganlar uchun dastlabki katta dargoh sanaladi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda harbiy kadrlarini tayyorlash va o‘qitish tizimi butunlay yangi bosqichga ko‘tarildi. Bu haqda so‘z borganda hududlarda tashkil etilgan harbiy-akademik litseylar faoliyatiga to‘xtalib o‘tish lozim.

Bugun Termiz shahridagi “Yosh chegarachilar” harbiy-akademik litseyida o‘qishni istovchi o‘quvchi-yoshlar safi yildan-yilga kengayib bormoqda. Quyida ushbu ta’lim dargohi, unda yaratilgan sharoitlar, o‘qishga qabul qilinish shartlari haqida atroflicha ma’lumot beramiz.

Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari tasarrufidagi ushbu ta’lim muassasasi 2020 yil tashkil etilgan. Litsey o‘quvchilari 2022-2023 o‘quv yilini barcha zamonaviy sharoitlarga ega yangi binoda boshladi.

Ushbu harbiy-akademik litsey 220 o‘ringa mo‘ljallangan. Uni bunyod etish hamda jihozlashga 62 milliard 500 million so‘m mablag‘ sarflangan.

– Ta’lim muassasamizda o‘qish davomiyligi ikki yil bo‘lib, umumta’lim maktablarining 9-sinfini tamomlayotgan yigitlar qabul qilinadi, – deydi harbiy-akademik litsey direktori Muzaffar Norqobilov. – O‘quvchilarning yotoqxona, harbiy kiyim va oziq-ovqat bilan ta’minlanishi ularga katta qulaylik sanaladi. Yaqinda – 13 mart kuni Prezidentimiz litseyimizda yaratilgan sharoitlar, o‘qitish tizimi bilan tanishdi. Harbiy ta’limni yanada takomillashtirish, yoshlarni bobolar jasorati asosida vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘yicha tavsiyalar berdi. Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondonining muassasamizga kelgani o‘quvchilarimizga o‘zgacha kuch-g‘ayrat bag‘ishladi. Biz yaratilgan imkoniyatlardan yanada samarali foydalanamiz.

Mazkur litsey sharoitlari bilan tanishar ekansiz hayratingizni yashira olmaysiz.

Keng mashg‘ulot va o‘quv xonalari, fan kabinetlari, laboratoriyalar zamonaviy standartlar asosida jihozlangan. Yotoqxona, oshxona, sport zali va maydonida ham barcha qulayliklar mavjud. O‘n to‘rt mingga yaqin turli adabiyot va kitoblar fondiga ega axborot-resurs markazi, ma’naviyat xonalar o‘quvchilar bilan hamisha gavjum.

O‘quvchilarning darsdan bo‘sh vaqtini samarali tashkil etish uchun turli fan va sport to‘garaklari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

O‘qishga qabul – shaffof va adolatli

Ushbu harbiy-akademik litseyga o‘qishga kirish istagini bildirganlar qanday yo‘l tutishi kerak degan savol tug‘ilishi tabiiy.

Avvalo maktabning 9 sinfini tamomlayotgan o‘quvchi o‘zining yashash joylaridagi Mudofaa ishlari bo‘limlariga ariza bilan murojaat qiladi. Arizada o‘zi tanlagan yo‘nalish ko‘rsatiladi. Ariza qabul qilinib, o‘quvchi nomzodga aylanadi.

Nomzod esa dastlabki va harbiy-kasbiy tanlovlardan muvaffaqiyatli o‘tganidan so‘ng test sinovlariga qo‘yiladi. Test sinovlari Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan o‘rnatilgan tartibda o‘tkaziladi. Test murakkab bo‘lmaydi, umumiy o‘rta ta’lim fanlarining 5-9 sinflari kesimida tayyorlanadi.

Dastlabki va harbiy-kasbiy tanlashdan muvaffaqiyatli o‘tgan ma’lum toifalar borki, ular test sinovlarisiz o‘qishga qabul qilinishi mumkin.

Xususan, xalqaro va respublika fan olimpiadalarining g‘oliblari – belgilangan qabul kvotasi doirasida test sinovlari qabul qilinadi.

O‘z xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan yoki jarohatlanish (shikastlanish) oqibatida nogiron bo‘lib qolgan harbiy xizmatchilarning farzandlari – kvotadan tashqari litsey o‘quvchisiga aylanadi.

Imtiyoz, imkoniyat va sog‘lom raqobat

Aniq va ijtimoiy fanlar chuqurlashtirilgan holda o‘qitiladigan dargohda hozirda 200 nafar o‘quvchi ta’lim-tarbiya olmoqda. Litsey bitiruvchilariga bir qator imtiyozlar berilishini alohida qayd etish lozim.

Xususan, bu yerni imtiyozli diplom bilan tugatganlarga ta’lim yo‘nalishiga qarab DXX akademiyasi yoki Qurolli Kuchlar akademiyasi Chegara fakultetiga test sinovlarisiz kirish huquqi beriladi.

Bu, o‘z navbatida, muassasada ta’lim olish jarayonida sog‘lom raqobat muhitini yaratadi.

Shuningdek, Oliy harbiy va ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda imtiyozlar ko‘zda tutilgan. Xususan, Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlarida o‘zlari to‘plagan ballarning 30 foizi miqdorida, respublikaning boshqa davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda esa o‘zlari to‘plagan ballarning 15 foizi miqdorida qo‘shimcha ballar ko‘rinishida imtiyoz beriladi.

Yana bir muhim tomoni, bitiruvchilar «B», «C» toifali haydovchilik guvohnomasiga ham ega bo‘ladi.

Yurt tinchligi, sarhadlarimiz mustahkamligi yo‘lida xizmat qilayotgan o‘g‘lonlar hamisha el ardog‘ida bo‘ladi. Ona Vatan posboni bo‘lishdek sharafli yo‘lni tanlagan yigitlarga esa hamisha olg‘a bosing, degimiz keladi.

Ikrom AVVALBOEV, O‘zA