Yaqinda Hindiston raisligida SHHTga a’zo davlatlar Energetika vazirlarining uchinchi yig‘ilishi onlayn tarzda bo‘lib o‘tdi.

Tadbir energiya resurslarini eksport va import qiluvchi, shuningdek, ishlab chiqaruvchi SHHTga a’zo davlatlarda energetika sohasidagi muammolarga qarshi kurashish bo‘yicha fikr almashish va harakatlarni muvofiqlashtirish uchun muhim maydonga aylandi.

Shuningdek,  yig‘ilishda O‘zbekistonda, xususan, Samarqand shahrida 2022 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini, toza energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan dasturning ahamiyati va o‘z vaqtida amalga oshirilishi haqida so‘z bordi.

O‘z navbatida,  mintaqada energiya resurslari savdosini ta’minlash va energiya xavfsizligiga erishish uchun tegishli infratuzilma va toza energiya manbalaridan elektr energiyasi ishlab chiqishni rivojlantirish zarurligi ham qayd etildi.

Ta’kidlanganidek, yildan-yilga barcha mamlakatlarda energiya iste’moli o‘sib bormoqda. Pandemiya va ba’zi mintaqaviy voqealarga qaramay, butun dunyo iqtisodiyoti o‘sib bormoqda. Yig‘ilish doirasida energetika sohasidagi qarorlardan kelib chiqib, mamlakatlarning kam uglerodli iqtisodiyotga o‘tishini hisobga olgan holda barcha imkoniyatlardan to‘liq foydalanishga kelishib olindi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov global va mintaqaviy energiya bo‘yicha kun tartibidagi o‘zgarishlarning holati va istiqbollari haqida o‘z taklifini bildirdi. SHHT barcha sohalarda, shu jumladan, energiya xavfsizligini ta’minlashda global va mintaqaviy masalalarni tahlil qilish va hal etishga qaratilgan hamkorlikning eng muhim platformalaridan biri ekani va O‘zbekistonda energetika sohasida amalga oshirilgan ishlar, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish muhim ahamiyat kasb etadi.

Yig‘ilish yakunida vazirlar SHHTga a’zo davlatlar o‘rtasida yangi yoqilg‘i turlari va energetika sohasida modellashtirish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi qo‘shma bayonotni ma’qulladi. Shuningdek, unda 2024 yilda Qozog‘iston Respublikasida navbatdagi Energetika vazirlari yig‘ilishini o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

 

O‘zA