Toshkentda O‘zbekiston –Birlashgan Arab Amirliklari biznes forumi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Dubay Savdo-sanoat palatasi hamkorligida tashkil etilgan anjumanda ikki davlatning tegishli vazirlik, idoralari, tijorat banklari va tarmoq birlashmalari rahbarlari, shuningdek, ishbilarmon doiralardan 100 ga yaqin vakil ishtirok etdi.

Tadbirda investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha to‘plangan boy tajriba, O‘zbekistonda qo‘shma loyihalar amalga oshirish va savdo aloqasini kengaytirish uchun yaratilgan shart-sharoit e’tirof etildi. Mazkur tadbir ham ikki mamlakat tadbirkorlariga yangi investitsiya bitimlari, savdo shartnomalari tuzish uchun keng imkoniyat yaratadi.

Forum doirasida BAA ishbilarmon doira vakillarini mamlakatimiz sarmoyaviy, savdo-iqtisodiy, logistika salohiyati, soliq, bojxona va bank sohalari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida ekspert sessiyasi uyushtirildi.

– Markaziy Osiyo mamlakatlari ichida aynan O‘zbekiston biz uchun juda muhim, – deydi “Dubai Chambers” kompaniyasi prezidenti va bosh direktori Muhammad Ali Rashid Luta. – Mamlakatingiz BAAning asosiy strategik hamkorlaridan hisoblanadi. Shu ma’noda mahalliy ekspertlarning bugungi tadbir doirasida namoyish etilayotgan turli yo‘nalishdagi taqdimotlari,  tadbirkorlar bilan bo‘lgan yuzma-yuz uchrashuvlar ikki tomon uchun ham manfaatli. Ko‘plab korxonalarimiz o‘z faoliyatini O‘zbekiston hisobiga kengaytirish niyatida. Mazkur forumda Dubaydan 66 tarmoq bo‘yicha 24 kompaniya vakillari ishtirok etmoqda. Ular mahsulotini yurtingizga eksport qilish, shu davlatga investitsiya kiritish loyihalarini hamkorlarga taqdim etishadi.

Forum ishtirokchilari mamlakatimizda investitsiya va tashqi savdo faoliyatini amalga oshirish uchun iqtisodiyotning muayyan tarmoqlarida, erkin iqtisodiy zonalarda yaratilgan shart-sharoitni har tomonlama o‘rgandi. Umumiy manfaatni, hamkorlik istiqbolini belgilash, birgalikda hayotga tatbiq etiladigan loyihaviy takliflarni ko‘rib chiqish imkoniga ega bo‘ldilar.

Aniq yo‘nalish va loyihalar bo‘yicha hamkorlikning amaliy jihatini muhokama qilish maqsadida ochiq muloqot tarzida o‘tkazilgan G2B va B2B uchrashuvlarida tomonlar manfaatlar kesishadigan nuqtalarni aniqlab olishdi.

– bugungi kunda BAA bilan savdo va iqtisodiyot sohasida aloqamiz rivojlanib, kengayib bormoqda, – dedi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi boshqarma boshlig‘i Shohruh Erkinov. –  Davlatlarimiz savdo aylanmasi hozir 500 million dollardan ortgan, yaqin yillar ichida bu ko‘rsatkichni 1 milliardga olib chiqish rejasi tuzilgan. Ayni payt qiymati 5 milliard dollarga teng joriy investitsiya portfelini yana kengaytiramiz. bugungi tadbir ayni sa’y-harakatning uzviy bo‘lagi. Hukumatlar aro yo‘lga qo‘yilgan mustahkam aloqani ikki tomon ishbilarmon doira vakillari ishtirokida kengaytirish ustida ish olib borilyapti.

Qayd etish o‘rinli, BAA va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqani rivojlantirishga qaratilgan maxsus dastur ishlab chiqilgan. Hozir o‘tgan yil 8 dekabrda boshlangan ushbu loyihaning ikkinchi bosqichi amalga oshirilmoqda. Birinchi bosqichda mamlakatimiz vakillari BAAdagi investitsiya muhiti bilan tanishib, yurtimiz imkoniyatlari haqidagi ma’lumotni ham taqdim etgan. Bugun BAA vakillari kelib, bizdagi sharoit va imkoniyatni o‘rganmoqda.

Biznes-forum yakunida energetika, to‘qimachilik, turizmni rivojlantirish, elektrotexnika va oziq-ovqat sanoati, shuningdek, qurilish va farmatsevtika sohalarida qo‘shma loyihalar amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Go‘zal Sattorova, Davron Ernazarov (surat), O‘zA