Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining farmoyishi qabul qilindi. Unda Prezidentimizning joriy yil 16 fevraldagi «2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash ko‘rsatib o‘tilgan.

Mazkur qaror bilan 2023 yilda respublika hududlarida aholi xonadonlariga kichik quvvatli quyosh panellarini o‘rnatishni rag‘batlantirish bo‘yicha «Quyoshli xonadon» dasturi amalga oshiriladi. Ushbu dastur asosida mamlakatimiz hududlarida 36,6 mingta aholi xonadonlarida umumiy quvvati 182,1 MVt bo‘lgan quyosh panellarini o‘rnatish rejalashtirilgan.

Shuningdek, dastur doirasida quyosh panellarini o‘rnatish va undan foydalanishni jadallashtirish hamda ushbu ishlarni rag‘batlantirish maqsadida «Quyoshli mahalla» tanlovi tashkil etiladi. Tanlov shu yil 15 martdan 1 iyunga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, mahalla (qishloq, ovul) fuqarolar yig‘inlari (tanlov ishtirokchilari) miqyosida o‘tkaziladi hamda 14 ta hududning har biri bo‘yicha g‘oliblar aniqlanadi.

«Quyoshli mahalla» tanlovini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar, shu jumladan, tanlov g‘oliblarini taqdirlash Energetika vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Tarmoqlararo energiyani tejash jamg‘armasiga qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona elektron platformasi uchun ajratilgan Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Bunda tanlov komissiyasi hududlar kesimida taqdim etilgan dalolatnomalarni tanlab olish mezonlari asosida saralaydi. Tanlov ishtirokchilari ro‘yxatini shakllantiradi, ularni baholaydi va g‘oliblarni aniqlaydi.

«Quyoshli mahalla» tanlovi g‘oliblari quyidagi tartibda mukofotlanadi:  

– Respublika bo‘yicha bosh sovrin – bazaviy hisoblash miqdorining 1 200 baravari miqdorigacha bo‘lgan qiymatdagi elektromobil.  

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining har biri bo‘yicha:  

– 1-o‘rin uchun BHMning 400 baravari miqdorigacha bo‘lgan qiymatdagi 10 kVt quvvatli quyosh fotoelektr tizimi o‘rnatib beriladi;  

– 2-o‘rin uchun BHMning 200 baravari miqdorigacha bo‘lgan qiymatdagi 5 kVt quvvatli quyosh fotoelektr tizimi o‘rnatib beriladi; 

– 3-o‘rin uchun  BHMning 100 baravari miqdorigacha bo‘lgan qiymatdagi 3 kVt quvvatli quyosh fotoelektr tizimi o‘rnatib beriladi.  

O‘zA