Ot sporti bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi a’zolari ot yo‘rttirish bo‘yicha Qozog‘istonda o‘tkazilgan «Almati kubogi» va «Do‘stlik kubogi» musobaqalarida muvaffaqiyatli ishtirok etdi.

Hamyurtlarimiz o‘ziga xos kechgan bahslarda 2 tadan kumush va bronza medallariga sazovor bo‘ldi. Terma jamoamiz a’zosi Yusra Fayz ikki bor shohsupaga ko‘tarildi. U «Chek» laqabli otda dastlab «Do‘stlik kubogi»da 66,09 natija bilan ikkinchi ko‘rsatkichni qayd etdi. «Almati kubogi»da mezbon sportchiga kichik farq bilan imkoniyatni boy bergan Fayz yana bir bor kumush medal bilan taqdirlandi.

Shuningdek, o‘smirlar toifasida kechgan bellashuvlarda Darya Moseva hamda Yana Pavliyeva bronza medallarini qo‘lga kiritdi.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA