Yaqinda Birlashgan Arab Amirligining Dubay shahrida Ipak yo‘li universitetlari tarmog‘i (Silk-Road Universitiyes Network)ning navbatdagi VIII Bosh Assambleyasi bo‘lib o‘tdi.

“Sun’iy intellekt va katta hajmli ma’lumotlar bazasi davrida universitetlarning roli: muammolar va imkoniyatlar” mavzusiga bag‘ishlangan bu galgi majlisda tarmoqqa a’zo Samarqand davlat chet tillar instituti va ilk bor Samarqand xalqaro texnologiya universiteti vakillari ishtirok etdi.

– Ipak yo‘li universitetlari tarmog‘i assotsiatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasi, Hindiston, Indoneziya, Malayziya, Eron, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Afg‘oniston, Mug‘uliston, Janubiy Koreya, Ummon, Gretsiya, Portugaliya, Italiya, Kombodja, Iordaniya kabi davlatlarning 80 dan ortiq oliy ta’lim muassasalaridan tashkil topgan, – deydi Samarqand davlat chet tillar instituti rektori, professor Ilhomjon To‘xtasinov. – Assotsiatsiyaning asosiy maqsadi asrlar davomida sivilizatsiyalar shakllangan qadimiy Ipak yo‘lining tarixiy ahamiyatini tiklash, turli ilmiy-amaliy loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish orqali ta’lim, fan va boshqa sohalar rivojiga hissa qo‘shish, tarmoqdagi oliy ta’lim muassasalarini qo‘llab-quvvatlash, ziyolilar o‘rtasida tajriba va fikr almashishni rag‘batlantirish, ta’lim orqali “Silkroadia” (qadimgi Ipak yo‘lining ruhi) bilan muvofiq tinchlik va hamjihatlikni targ‘ib qilishdan iborat. Bu galgi Bosh Assambleya ishtirokchilarga a’zo universitetlarning hamkorligi va birdamlikdagi rivojlanish istiqbollari bo‘yicha fikr almashish, ta’limda innovatsiyalarni keng joriy etish, hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilish kabi imkoniyatlarni taqdim etdi. Bosh Assambleyaning rasmiy ochilish marosimidan so‘ng Samarqand davlat chet tillar instituti, undagi ta’lim yo‘nalishlari, mutaxassisliklari va talabalar uchun yaratilgan sharoitlar haqida taqdimot qildik. Shuningdek, tashkilotga a’zo oliy ta’lim muassasalari rahbarlari davra suhbatida “Akademik hamkorlik – oliy ta’lim tizimini barqaror rivojlantirish va integrallashuvining asosi” mavzusidagi ma’ruzam bilan qatnashdim. Taqdimot va ma’ruzalarimizga xorijlik hamkorlarimiz katta qiziqish bildirdi va aloqalarimizning istiqbollari yuzasidan fikr almashdik. Jumladan, tarmoq universitetlari bilan umumiy memorandum, Qozog‘iston respublikasi Al-Farobiy Qozoq milliy universiteti bilan anglashuv memorandumi imzoladik. Shuningdek, Dubay shahridagi Kanada universiteti faoliyati bilan yaqindan tanishib, hamkorlik memorandumi imzolash bo‘yicha kelishuvga erishdik.

Safar davomida Dubaydagi Shayx Xamdan bin Muhammad bin Rashid al-Maktum kutubxonasi hamda Kanada universiteti kutubxonasiga Samarqand davlat chet tillar instituti tomonidan ingliz tiliga tarjima qilingan Primqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” asari va boshqa bir qator kitoblar taqdim etildi. Assambleyada Samarqand xalqaro texnologiya universiteti rektori, professor Yusuf Abdullayev ham o‘tgan yil faoliyat boshlagan universitet haqida taqdimot qildi. Ipak yo‘li universitetlari tarmog‘iga kiruvchi oliy ta’lim muassasalari bilan ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasida hamkorlik qilish to‘g‘risida memorandum imzolandi.

G‘.HASANOV, O‘zA