Bugun, 22 fevral kuni Samarqand shahrida og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida boshlanayotgan O‘zbekiston chempionati joriy yil mart oyida Albaniyada tashkil etiladigan Jahon chempionatida yurtimiz sharafini himoya qiladigan mahoratli yosh sportchilarni saralash vazifasini o‘taydi.
Bu haqda O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
27 fevralga qadar o‘g‘il va qizlar o‘rtasida davom etadigan mamlakat birinchiligida yurtimizning 200 nafardan ziyod yosh og‘ir atletikachilari 20 ta vazndagi sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib boradi.
Musobaqalarda o‘smirlar o‘rtasida jahon va qit’a chempionatlari sovrindori Diyor Ermatov, o‘smirlar o‘rtasida qit’a chempionligiga erishgan Madina Fayzullayeva, qit’a chempionati sovrindori Dilnoza Fayzullayeva kabi xalqaro sport maydoni havosidan bahra olgan sportchilarning qatnashayotgani besh kunlik bahslar har jihatdan murosasiz o‘tishini anglatmoqda.
Yana bir e’tiborli jihat. Samarqand sport supasida kechadigan bahslar Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi (IWF) tomonidan joriy etilgan yangicha texnologiya asosida nazorat qilib boriladi. Bu, musobaqalarni har jihatdan adolatli va shaffof o‘tishini ta’minlaydi.
Musobaqalarni boshqarib borishda 20 nafarga yaqin tajribali hakamlar bilan birgalikda 10 nafar atrofidagi yosh mutaxassislar ishtirok etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA