Taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham bu — ilm-fan, ta’lim va tarbiyadir. Shu boisdan ayni davrimizda jahonning yetakchi davlatlari ham iqtisodiyotning barqaror rivojlanishidan ko‘ra ko‘proq, ta’limni rivojlantirishni birinchi galdagi vazifa sifatida o‘z oldilariga maqsad qilib belgilamoqda.

Bu jarayonda esa, uzluksiz ta’lim tizimining o‘rni muhim sanaladi. Xususan, mamlakatimizda ham ta’limning birlamchi, eng asosiy bo‘g‘ini hisoblanmish maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shu sababli o‘tgan vaqt mobaynida maktabgacha ta’lim sohasini rivojlantirish borasida boshlangan islohotlar o‘z samarasini ko‘rsatdi. 2017 yilda bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichi bor yo‘g‘i 27 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, o‘tgan yil yakuniga kelib bu ko‘rsatkich 70 foizdan oshdi.

Ammo, yuqorida ta’kidlaganimizdek, ta’lim va tarbiya mamlakat taraqqiyotida birlamchi masala bo‘lib qolar ekan uning taraqqiyoti ham muhim sanaladi. Shu bois, yurtimizda maktabgacha ta’lim sohasida boshlangan islohotlar izchil davom ettirilmoqda. Jumladan, jamoatchilik va xalqimiz bilan o‘tkazilgan keng muhokamalarda bildirilgan takliflar hamda davlatimiz rahbarining O‘zbekiston xalqi va parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasida aytib o‘tilgan ustuvor vazifalar asosida ishlab chiqilgan Davlat dasturi loyihasida ham bu borada bir qator vazifa va chora-tadbirlar belgilanmoqda.

Xususan, 2023 yil 1 apreldan boshlab maktabgacha ta’lim muassasalarini tashkil etishda bino va inshootlar tanqisligini bartaraf etish maqsadida yangi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini ko‘p kvartirali uylarning noturar qavatlarida yoki yakka tartibda qurilgan uy-joylarni sotib olish va keyinchalik ularni rekonstruksiya qilish, ta’mirlash hamda jihozlash orqali tashkil etishga ruxsat berilmoqda.

Shuningdek, davlat-xususiy sheriklik loyihasi doirasida ijaraga berilgan yer uchastkasida nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti binosini qurgan xususiy sherikka ushbu binoni mazkur loyiha uchun bank kreditlari bo‘yicha garovga qo‘yishga oid cheklovlar bekor qilinmoqda.

Bu kabi yengilliklarning berilishi nafaqat maktabgacha ta’lim qamrovini oshirishga, shu bilan birga, bu borada o‘z tadbirkorligini boshlash istagida bo‘lgan tadbirkorlarga qo‘shimcha yengilliklar yaratib, o‘z mablag‘larini qurilish va ta’mirlashga emas, bolajonlar uchun sifatli ta’lim-tarbiya beradigan sharoit yaratishga sarflashiga xizmat qiladi.

Davlat dasturi loyihasida ta’limning o‘rta bo‘g‘ini sanalgan maktab ta’limi rivojiga ham alohida e’tibor qaratilgan. 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab respublikaning barcha viloyatlari va Toshkent shahrida boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul ovqat bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun byudjetdan 2,7 trillion so‘mga yaqin mablag‘ ajratiladi.

2023 yil 1 sentyabrdan boshlab har bir tuman (shahar)ning bittadan umumiy o‘rta ta’lim muassasasida o‘quvchilarni ikkita xorijiy til va bitta kasb-hunarga o‘rgatish amaliyoti bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi.

Natijada, respublikamizdagi 76 ta maktabda fransuz tili, 76 tasida nemis, 37 tasida ingliz, 10 tasida koreys, 6 tasida xitoy va 3 tasida yapon tillari ikkinchi xorijiy til sifatida o‘qitiladi. Shuningdek, o‘quvchilar 10-sinfdan boshlab 64 ta ishchi kasblar, 21 ta sohada tadbirkorlikka, 10 ta IT va “kreativ industriya” yo‘nalishidagi kasblarga o‘rgatiladi. Ushbu jarayonga yoshlar yetakchilari va hududdagi taniqli tadbirkorlar jalb qilinadi. Bu esa, o‘quvchi yoshlarga o‘z qiziqishlari bo‘yicha mukammal ta’lim olish imkoniyatini yaratib beradi.

Shu bilan birga, professional ta’lim tizimini rivojlantirish, mehnat bozori va ish beruvchilarning talablariga mos bo‘lgan malakali o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash maqsadida 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab davlat grantlari kollej va texnikumlarning dual ta’lim shakli bo‘yicha ham ajratiladi.

Natijada, joriy yilda dual ta’lim shakli bo‘yicha davlat granti asosida kamida 5,7 ming nafar o‘quvchi qabul qilinadi. Dual ta’lim shaklida o‘quvchi professional ta’lim muassasasida nazariy bilimlarni oladi va bir vaqtning o‘zida ishlab chiqarish korxonasida mehnat faoliyatini amalga oshirib, amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlaydi.

Shuningdek, Davlat dasturi loyihasida yoshlarimizga ta’lim-tarbiya berib kelayotgan pedagoglarning moddiy ta’minotini yaxshilashga ham alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, professional ta’lim muassasasi birinchi va ikkinchi malaka toifasiga ega bo‘lgan, malaka toifasiga ega bo‘lmagan oliy ma’lumotli hamda oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan ishlab chiqarish ta’limi ustalarining bazaviy tarif stavkalari tegishincha umumiy o‘rta ta’lim muassasasi birinchi va ikkinchi malaka toifali o‘qituvchisi, oliy ma’lumotli o‘qituvchisi hamda o‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchisining bazaviy tarif stavkalariga tenglashtirilmoqda.

Yakunda esa, 27 ming nafar professional ta’lim muassasalari o‘qituvchilarining oylik maoshlari 20 foizga oshirilib, o‘rtacha 3 million so‘mga teng bo‘ladi. Ushbu maqsadlarga joriy yilda byudjetdan 139 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Umuman olganda bu yilgi Davlat dasturi loyihasida ham mamlakatimizni kelgusi besh yilda rivojlantirishga qaratilgan Taraqqiyot strategiyasida belgilab olingan maqsad va vazifalarni izchilik bilan amalga oshirish, bu jarayonda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, salomatligini asrash, sifatli ta’lim tizimini yaratib berish hamda barqaror rivojlanayotgan iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlarini saqlab qolishga qaratilgan aniq va manzilli chora-tadbirlar belgilab berilmoqda.

Muzafara Abdiyeva,  

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati  

O‘zA