Anqaraga kelgan NATO Bosh kotibi Yens Stoltenbergni Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an qabul qildi. Muzokaralar yopiq eshiklar ortida o‘tdi, deb xabar berdi “Anadolu” agentligi.

Shundan keyin Shimoliy Alyans rahbari Turkiya Mudofaa vaziri Xulusi Akar hamrohligida zilzila sodir bo‘lgan Xatay, Qahramonmarash va Adana viloyatlarida bo‘ldi.

Akar Stoltenbergga zilzilar tufayli mamlakatga kelib hamdardlik bildirgani, NATO qarorgohida a’zo davlatlarning barcha bayroqlari yarmiga tushirilgani va 14 fevral kuni Mudofaa vazirlari yig‘ilishi oldidan bir daqiqalik sukut saqlaganliklari uchun minnatdorlik bildirdi.

Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li ham NATOning tabiiy ofatlarga javob berish muvofiqlashtirish markazining Iskandarun shahrida ikki ming kishilik chodirlar tashkil etib bergani hamda ofat mintaqasiga qutqaruvchilar va boshqa ko‘maklarini eslatib o‘tdi.

Stoltenberg va Chavusho‘g‘li muzokaralar chog‘ida Ukraina atrofidagi ziddiyat, don shartnomasining bajarilishi hamda Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lib kirishi yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar, deyiladi TIV xabarida.

 

O‘zA