Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikromov, Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov, O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi raisi Shavkat Umrzoqov, federatsiyaning viloyat bo‘limlari vakillari va mas’ul mutaxassislar ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Gimnastika sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining ijrosini ta’minlash borasida qilinishi zarur bo‘lgan ishlar aytib o‘tildi.

Xususan, joriy yil o‘tadigan Osiyo o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etish, “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlari uchun qo‘lga kiritiladigan yo‘llanmalar sonini oshirish borasida fikrlar bildirildi.

Konferensiyada federatsiya rahbariyati tarkibiga tavsiya etilgan nomzodlarning saylovoldi dasturlari taqdim etildi. Ovozga qo‘yish natijasida Go‘zal Mo‘minova federatsiya raisining birinchi o‘rinbosari, Bahrom Shokirov moliyaviy masalalar va korporativ boshqaruv yo‘nalishi bo‘yicha rais o‘rinbosari lavozimlariga saylandi.

Yig‘ilish yakunida iqtidorli sportchilarni saralash ishlariga e’tibor qaratish, terma jamoa a’zolari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, mamlakatimiz bo‘ylab ommaviy gimnastika musobaqalarini o‘tkazish borasida hududiy bo‘limlardagi ishlarni yanada jonlantirish lozimligi aytib o‘tildi.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA