Mamlakatimizda fuqarolar va tadbirkorlarga davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimi bosqichma-bosqich isloh qilinib, qulay investitsiyaviy hamda ishbilarmonlik muhitini yaratish, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, davlat xizmatlari ko‘rsatish sifatini tubdan yaxshilashga qaratilgan keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, aholi va tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan ma’lumotnoma hamda hujjatlar taqdim etilishi talablari bekor qilinib, davlat organlari tomonidan ushbu ma’lumotlarni «Elektron hukumat» tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasidan foydalangan holda olish tartibi joriy etildi.

Davlat xizmatlarini ko‘rsatishning yangi shakllari joriy qilinishi natijasida 23 ta davlat xizmatini kompozit shaklda ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.

Prezidentimizning 2022 yil 20 apreldagi tegishli farmoni bilan Davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirishning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan milliy strategiyasi tasdiqlandi.

Milliy strategiyada davlat xizmatlari ko‘rsatilishining joriy holati va xorijiy mamlakatlarning ushbu sohadagi eng yaxshi tajribalarini hisobga olgan holda, «Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda fuqaro e’tibor markazida» tamoyili asosida davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirishning maqsadlari, vazifalari hamda ustuvor yo‘nalishlari belgilandi.

Mazkur yo‘nalishda ichki ishlar organlari tomonidan aholiga 55 turdagi, shu jumladan Ichki ishlar vazirligining markaziy apparati tomonidan 18, Davlat yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi yoki uning hududiy boshqarmalari tomonidan 13, Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasining joylardagi boshqarmasi va bo‘limlari tomonidan 12, boshqa xizmatlari tomonidan esa 12 ta davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda.

2022 yilda 1 261 977 fuqaroga haydovchilik guvohnomasi, 1 337 816 nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga identifikatsiyalovchi ID-kartasi berilgan. Shu bilan birga, aholiga davlat xizmatlarini qulay va oson shakllarda ko‘rsatish ko‘lamini oshirish va davlat organlari axborot tizimida mavjud ma’lumotlarni ishonchli himoya qilish bo‘yicha ishlarni izchil davom ettirish zaruriyati mavjud.

Xususan, ID-karta va haydovchilik guvohnomasini olish, avtotransport vositasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, avtotransport vositasiga davlat raqami berishda ayrim holatlarda davlat xizmatlarining hamon elektron shaklda amalga oshirilmasdan, an’anaviy shaklda olib borilayotgani, navbatlar sonining ko‘pligi e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.

Hududlarda vakolatli idoralarning quyi bo‘g‘in tashkilotlarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yetishmovchiligi yoki internet tezligining pastligi elektron davlat xizmatlarining ko‘rsatkichlari past darajada saqlanib qolishiga olib kelmoqda.

Shu bilan birga, davlat xizmatlarining mobil ilovasi talab yuqori bo‘lgan xizmatlarni to‘liq qamrab olmasligi, ushbu ilovadan xizmatning oxiriga qadar foydalanish imkoniyati mavjud emasligi sababli elektron davlat xizmatlaridan mustaqil foydalanish ko‘lami pastligicha qolyapti.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida yuqoridagilardan kelib chiqib, ichki ishlar vaziri P.Bobojonovga «Ichki ishlar organlari tomonidan aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatishda amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida»gi masala yuzasidan Qonunchilik palatasining parlament so‘rovini yuborish haqida qaror qabul qilindi.

 

M.Komilova, O‘zA