Xabar berganimizdek, og‘ir atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi murabbiylar tarkibida Eron va turkmanistonlik tajribali mutaxassislar ish boshlashi ortidan bir qator xorij terma jamoalari hamyurtlarimiz bilan qo‘shma mashg‘ulot o‘tkazishga qiziqish bildirmoqda.

Shunday jamoalardan biri bo‘lgan Ummon og‘ir atletikachilari Toshkentga keldi. Og‘ir atletikachilarimizning Chirchiqda o‘tayotgan navbatdagi yig‘inida Ummon terma jamoasi a’zolari ham o‘quv-mashg‘ulotda ishtirok etmoqda.

– Mazkur yig‘in may oyida Koreya Respublikasida o‘tadigan Osiyo chempionatiga tayyorgarlik vazifasini o‘taydi. 15 nafar asosiy tarkib sportchilarini jalb etganmiz. Ular safida Akbar Jo‘rayev, Ruslan Nuruddinov, Doston Yoqubov singari tajribali sportchilar bilan birga yoshlarimiz ham bor. Maqsad Olimpiya va jahon chempionlaridagi shijoatni yoshlarga singdirish. Xorij jamoalarining og‘ir atletikachilarimiz bilan qo‘shma mashg‘ulot o‘tkazishga qiziqishi yuqori. Lekin kim bilan hamkorlik qilishni, mashg‘ulot o‘tkazishni belgilangan reja asosida, murabbiylar kengashining qarori bilan hal etamiz, – deydi terma jamoa bosh murabbiyi Bahrom Mendiboyev.

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA