Poytaxtimizda “Jamiyatda ilm-fan, texnologiyalar va innovatsiyalarning barqaror rivojlanishida xotin-qizlarning roli” mavzusida xalqaro forum o‘tkazildi.

Ushbu tadbir Kambag‘allikni qisqartirish va  bandlik vazirligi huzuridagi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar, Raqamli texnologiyalar, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirliklari, Fanlar akademiyasi hamkorligida tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha Respublika komissiyasi raisi Tanzila Norboyeva, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi o‘rinbosari Olimjon Saliyev, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Zulayho Mahkamova, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Ozoda Parpiboyeva ayollarni ta’limning barcha bosqichlari bilan qamrab olish, ilm-fanga kirib kelayotgan ayollarni faol qo‘llab-quvvatlashga ustuvor e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Darhaqiqat, mustaqillik yillarida ilm-fanning turli yo‘nalishlarida samarali mehnat qilgan yetti nafar ayol O‘zbekiston Qahramoni unvoniga musharraf bo‘ldi. Ayni paytda ilmiy doirada akademik maqomidagi ayollar safi kengayib bormoqda.

Uchinchi Renessans poydevorini yaratishda ayollarni ilm-fanga tobora ko‘proq jalb etish yo‘lida tizimli ishlar olib borilmoqda. Mamlakatimizda “Oqila ayollar” ma’rifiy harakatiga asos solingani bu boradagi ezgu ishlarning amaliy natijasidir. Bugun yurtimizda ayollarning ilmiy-innovatsion faoliyatga keng jalb etishga katta e’tibor qaratilmoqda.

Hozir dunyo bo‘yicha ilmiy tadqiqotchilarning 30 foizdan kamrog‘ini ayollar tashkil etadi. O‘zbekiston olimalari pedagogika, adabiyot, kimyo, biotexnologiya, qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda faol izlanmoqdalar.

Biroq tabiiy fanlar, matematika, injiniring, texnologiya, sanoat va qurilish sohalarida izlanayotgan ayollar safini kengaytirish dolzarbdir. Ilm-fan sohasidagi ayollar va qizlar xalqaro kuni munosabati bilan Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan joriy yilning 6-11 fevral kunlari ilk marta yurtimiz bo‘yicha ma’rifiy haftalik e’lon qilindi. Uning doirasida olima ayollar va ilmiy izlanishlar olib borayotgan tadqiqotchi xotin-qizlar ishtirokida ta’lim maskanlari, mahallalarda ma’rifiy tadbirlar, ko‘rik-tanlovlar o‘tkazildi.

Ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, gender tenglikni ta’minlash, oliy ma’lumotli xotin-qizlar safini yanada kengaytirish bo‘yicha muhokamalar olib borildi. Shu bilan birga haftalik doirasida ilmiy tadqiqotlar olib borayotgan ayollarning ilmiy loyihalarini targ‘ib etishga katta e’tibor qaratildi.

YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sara Noshadi, BMT Bolalar jamg‘armasi – YUNISEFning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade, BMT Aholishunoslik jamg‘armasining yurtimizdagi vakolatxonasi rahbari Yu Yu va boshqalar mamlakatimizda ayollarning ta’lim olishi, ilmiy ish bilan shug‘ullanishiga qaratilayotgan e’tiborni yuksak baholadilar. Zero, ayollarga ehtirom ko‘rsatilayotgan mamlakatning ma’rifiy darajasi yuqori bo‘lishi yaxshi ayon. Biroq shu bilan birga ilm-fanning axborot texnologiyalari, injiniring va shu kabi ilg‘or sohalarga ayollarni jalb etish, bu yo‘nalishda gender tenglikni ta’minlash g‘oyat muhimdir.

– Ayollarimiz azaldan ilm-fanda faollik ko‘rsatgan, – dedi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Bosh ilmiy kotibi G‘ayrat Bahodirov. – Fan rivojiga munosib hissa qo‘shgan O‘zbekiston Qahramoni unvoniga musharaf bo‘lgan ayollarimiz bilan birga Mashhura Mavloniy, Sayyora Rashidova, Tamara Aripova, Dilorom Yusupova kabi olimalarimiz yirik tadqiqotlar olib borish bilan birga shogirdlar tayyorlashda ham faollik ko‘rsatmoqdalar.

–AKT sohasida izlanayotgan ayol va qizlar uchun ko‘plab loyiha va dasturlarni amalga oshirmoqdamiz, – dedi Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Kamola Sobirova. – Raqamli texnologiyalar va muhandislik ishi bo‘yicha Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Inha, Amiti universitetlari bilan birga ko‘plab malaka oshirish mashg‘ulotlari, onlayn va oflayn kurslar, AKT sohasida festivallarni o‘tkazmoqdamiz. Kelgusida bu boradagi

faoliyatimizni yanada kengaytirish rejamiz bor.

Xalqaro forumda ilmiy faoliyat olib borayotgan ayollar, tadqiqotchi xotin-qizlar va vazirlik, idoralarning mutasaddi xodimlari o‘rtasida samarali ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, olima va tadqiqotchi ayollarning ilmiy loyihalarini amaliyotga joriy etishni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama etildi.

Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri