Ma’lumki, akademik ta’til olmoqchi bo‘lgan talabalar buning uchun tahsil olayotgan oliygoh rektori nomiga akademik ta’til olishga sababni ko‘rsatgan holda ariza yozadi va ma’lumotnoma taqdim qiladi.
Xo‘sh, qanday asoslar akademik ta’til olishga sabab bo‘ladi? Mazkur ta’til qancha muddatga berilishi mumkin?
Bu kabi savollarga Yoshlar ishlari agentligi boshqarma boshlig‘i Umidullo Sattorov javob berdi.
–Talabalarga akademik ta’til o‘quv yilining istalgan davrida, quyidagi muddatlarga beriladi. Xususan, harbiy xizmatni o‘tash uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan harbiy xizmatni o‘tash muddatiga qarab, qonunchilik hujjatlarida belgilangan homiladorlik va tug‘ish, bolalarni parvarish qilish ta’tillari muddatiga qarab beriladi. Bu Mehnat kodeksining 233-234-moddalarida ko‘rsatilgan.
Shuningdek, salomatligini tiklash hamda oilasining betob a’zosini parvarish qilish uchun keyingi yilning talaba tomonidan to‘liq o‘zlashtirilmagan semestri boshlanguniga qadar bo‘lgan muddatga beriladi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori asosida tasdiqlangan Nizomga muvofiq talaba akademik ta’til muddatiga ta’limning mavjud sirtqi, masofaviy yoki eksternat ta’lim shakliga o‘tkazilsa, navbatdagi semestrning boshlanguniga qadar bo‘lgan muddatgacha nazarda tutilgan. Bunda, qayd etilgan muddatlardan biri talabaning arizasiga muvofiq OTM rektori (direktori) tomonidan belgilanadi.
Akademik ta’til olgan talabalar o‘qishni sirtqi, kechki, onlayn shakllarga o‘zgartirishi va davom ettirishi mumkin bo‘ladi.O‘tgan davrdagi akademik ta’tildan hozirgisining farqi – talaba o‘qishdan chetlatilmaydi. Talabaga akademik ta’til davrida stipendiyalar to‘lanmaydi.
Talaba akademik ta’tilda belgilangan muddat tamom bo‘lgandan so‘ng o‘qishga qaytish bo‘yicha oliy ta’lim muassasasining rektori nomiga ariza bilan murojaat qilgan taqdirda uning arizasini asossiz ravishda rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi. Ushbu holat bo‘yicha mas’uliyat shaxsan oliy ta’lim muassasasi rektori zimmasiga yuklanadi.
Akademik ta’tildan qaytish bo‘yicha talabaning murojaati bir haftalik muddatda ko‘rib chiqiladi va uning oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga qaytishi to‘g‘risida oliy ta’lim muassasasi rektorining buyrug‘i rasmiylashtiriladi. Ushbu buyruqda talaba akademik ta’tildan qaytgandan so‘ng o‘qiydigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishi (magistratura mutaxassisligi), o‘quv kursi va guruhi ko‘rsatiladi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA